YAPONIYALIK MUTAXASSISLAR SHIRIN SHAHARCHASIDA AQLLI TEXNOLOGIYALARNI JORIY ETISH IMKONIYATLARINI O‘RGANDI

Bugun Yaponiya Yer, infratuzilmalar, transport va turizm vazirligi (MLIT) delegatsiyasi Shirin shaharchasi direksiyasiga tashrif buyurib, loyihaning rivojlanish jarayoni bilan tanishdi. Delegatsiya tarkibida Kakuya Daysuke, Yamauchi Kazuya va Murayama Junichi kabi tajribali mutaxassislar bo‘lib, ular shaharsozlikdagi innovasion yondashuvlar va istiqbolli rejalarni o‘rgandi.
Tashrif doirasida Shirin shaharchasi loyihasi haqida videorolik taqdim etildi. Unda shaharchada joriy etilishi rejalashtirilgan zamonaviy infratuzilma, energiya samaradorligi va aqlli texnologiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yaponiyalik ekspertlar shaharchadagi imkoniyatlarni tahlil qilib, bir qator muhim takliflar bildirdi. Ularga ko‘ra, aqlli shahar elementlarini yanada rivojlantirish, zamonaviy avtoturargohlar tizimini yaratish, elektr energiyasi va issiqlik ta’minoti samaradorligini oshirish, shuningdek, jamoat transporti harakatlanishini qulaylashtirish zarur. Mutaxassislar shaharchaning rivoji uchun bu omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashdi.
Uchrashuv davomida yaponiyalik delegatsiya loyihaning salohiyatiga yuqori baho berib, hamkorlik masalasidagi muzokaralarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, ular Shirin shaharchasi haqida Yaponiyaga qaytgach, mahalliy investorlarga ma’lumot berish va loyihaga xalqaro e’tiborni jalb qilish niyatida ekanini ta’kidladilar.
Yaponiyalik mutaxassislarning qiziqishi shaharchani nafaqat innovasion loyiha, balki kelajakning aqlli shaharlaridan biriga aylantirish imkoniyati borligini ko‘rsatmoqda.
Yangiliklar
27-Mart, 2025-yil
26-Mart, 2025-yil