Ishonch telefoni
Ish vaqti: uzluksiz

+99866-233-24-96

Hududagi muqaddas ziyoratgohlar

Hududagi muqaddas ziyoratgohlar

Xoja doniyor maqbarasi

Xoja Doniyor maqbarasi Samarqanddagi eng moʻtabar va mashhur ziyoratgohlardan hisoblanadi. Doniyor, Daniil, Daniyel – musulmon, nasroniy va yahudiy adabiyotlaridagi aziz-avliyoning nomidir.

Doniyor Quddusda eramizdan avvalgi 603 yilda tug‘ilgan bo‘lib, shoh Dovud va Sulaymon (Solomon)larning avlodiga mansubdir.

Rivoyatlarga ko‘ra, Amir Tyemur o‘zining (1397-1404 yillar) Kichik Osiyoga yetti yillik yurishi vaqtida Suza shahridagi avliyo Doniyorning tabarruk qo‘nimgohidan bir qism xokini o‘rnatilgan tartib-qoidalar talabini amalga oshirib, Samarqandga olib kelgan. Maqbarada dunyodagi eng uzun - 18 metrlik qabr mavjud. Maqbara binosi XX asr boshlarida qurilgan. Shunga qadar bu yerda Xoja Doniyorning qabri va masjid bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlar bor.

Mustaqillik yillarida ushbu ziyoratgohda keng qo‘lamda obodonlashtirish, ta’mirlash, qurilish va ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratish ishlari olib borilmoqda.

Hazrati xizr masjidi

Hazrati Xizr masjidi Samarqand shahrining muqaddas ziyoratgohlaridan biridir. U Samarqanddagi birinchi musulmon masjidi va me’moriy obidasi sifatida e’tirof etiladi.

Masjid Qutayba ibn Muslim tomonidan qurilib, Hazrati Xizr nomi bilan atalgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab sajdagohi mavjud bo‘lgan. VIII asrda arablar tomonidan otashparastlarning ibodatxonalari buzib tashlanadi. Shu tepalikdagi ibodatxona o‘rniga Qutayba ibn Muslim tomonidan birinchi masjid binosi quriladi va Hazrati Xizr nomi bilan ataladi.

Hoja Doniyor, Qusam ibn Abbos va Hazrati Xizr ziyoratgohlari aslida bitta majmua bo‘lgan. Masjidga kiraverishdagi marmar toshda ko‘rsatilgan “1854 yil” yozuvi uning Buxoro amiri Amir Muzaffarxon tomonidan tiklanganligiga ishoradir. 1899 yilda masjidning ayvon va darvozaxona qismi qayta qurilgan. Darvoza yuzasiga yozilgan hijriy 1336 yil (melodiy 1916-1917 yillar) yozuvi darvozaxona va minoraning qayta tiklangan vaqtini anglatadi. Fikrimizni xonaqoh mehrobidagi 1274 yil hijriy (1854 melodiy yil), 1302 hijriy yil (1884 melodiy yil) degan yozuvlar isbotlaydi.

Mustaqillik yillarida hazrati Xizr masjidi mamlakat rahbariyati qo‘llab-quvvatlashi bilan bir necha bor mukammal ta’mirlandi, masjid yonida joylashgan Arzis qudug‘i qayta tozalanib, qadimiy holiga qaytarildi.

Amir Tyemur maqbarasi

Markaziy Osiyo me’morchiligining noyob asari sifatida e’tirof etilgan Amir Tyemur maqbarasining qurilishi 1403 yilda boshlanib, 1424 yilda tugatilgan. Maqbara Amir Tyemurning taxt vorisi, deb e’lon qilingan nabirasi Muhammad Sulton uchun qurdirilgan. Muhammad Sulton 1403 yilda Kichik Osiyoga qilgan safari vaqtida, 29 yoshida bevaqt vafot etadi. Shahzoda Samarqandga keltirilib, dastlab masjidning xonaqosida dafn qilinadi.

Maqbara sakkiz burchakli gumbaz asosida barpo etilgan. Hozirgi zamon mutaxassislarini ham birmuncha o‘ychanlik bilan fikrlashga undaydi. 
Binoning moʻtadil haroratini saqlash, Sharqona qurilish uslublari orqali el ardog‘ida bo‘lgan shaxslarni o‘ziga xos hurmat bilan ulug‘lash, ularning buyukligini bejirim bezaklar orqali ifodalash kabi xususiyatlari har qanday kishini lol qoldiradi. Sohibqiron Amir Tyemur ham ushbu maqbaradan (1405 yil) abadiy qo‘nim topgan.

 

1409 yilda Amir Tyemurning kenja o‘g‘li, Xuroson hukmdori Shohrux Mirzo otasining ma’naviy piri Mirsaid Barakaning jasadini (turbati) Andxoydan olib keltirib, shu maqbaraga, Sohibqironning bosh tomoniga dafn ettiradi. Bu bilan otasi – Amir Tyemurning vasiyatini bajaradi.
1424 yilda Mirzo Ulug‘bek tomonidan maqbara sahniga qabrtoshlar qo‘yilib, atrofi nafis marmar toshdan qilingan panjara bilan o‘raldi va ko‘k gumbazli galeriya qurilib, ziyoratxonaga Sharq tomondan kirilishi ta’minlandi. Maqbaraning ichki tomoni tilla suvi yugurtirilgan bo‘rtma qog‘oz naqshi bilan bezatilgan.

Registon maydoni

Registon maydoni Yer yuzining sayqali deb tan olingan, Amir Temur birlashtirgan yigirma yetti davlat poytaxti bo‘lgan mashhur Samarqandning o‘ziga xos va mos bo‘lgan ko‘zgusidir. Registon maydoni Bahodir Yalangto‘sh davrida shakllangan.

«Registon» degan so‘z fors tilidan olingan bo‘lib, «qumli joy» degan ma’noni bildiradi, «reg» - qum, «iston» - turish joyi demakdir. Tarixiy ma’lumotlar va aniq ilmiy ashyoviy dalillarga asoslanib, aytish mumkin-ki, bu yerdan janubiy sharqdan, shimoliy g‘arbga tomon katta ariq oqib o‘tgan, vaqt o‘tib ariq qurigandan so‘ng, o‘rnida qumloq joy qolgan. Ana shu asosda «Registon» degan so‘z kelib chiqqan.

Ulug‘bek madrasasi

cRegiston maydonidagi me’moriy majmuaning tarkib topishi Mirzo Ulug‘bekning farmoniga binoan madrasa qurilishidan boshlandi. Madrasa 1417-1420 yillarda qurilgan bo‘lib, uning sathi

81x56 m. atrofidagi hudud edi.

Bino loyihasining muallifi, o‘z zamonasining mashhur olimi Qavomiddin Sheroziy bo‘lib, Hirotda hukmdorlar uchun qurilgan aksar me’morchilik majmualari ham uning ijodiga mansub bo‘lgan.

Ulug‘bek madrasasi me’morchilik asari sifatida Sharq obidalarining mumtoz namunasidir. XV asrda Registonda qurilgan barcha inshootlardan faqatgina Mirzo Ulug‘bek madrasasi, bir muncha xaroba holida bo‘lsa ham, bizgacha yetib kelgan. Madrasa ikki qavatli bo‘lib, 55 ta hujra va to‘rt burchagida katta darsxonalar va ayvonlardan iborat bo‘lgan. Maxsus ta’lim olish uchun belgilangan hujralarda 2-3 tolibi ilmlar o‘qigan va yashagan. Har bir xona o‘qish, yashash va alohida qismida kerakli narsalarni saqlash vazifasini bajargan. Darsxonalarda alohida guruhlar uchun fan mashg‘ulotlari o‘tkazilgan. Ayvonlar yozgi darsxona vazifasini bajargan. Gʻarb tarafdagi ikki darsxona o‘rtasida masjid joylashgan. Uning darsxonasi hamda hovli bilan bog‘lovchi ikkita eshigi bo‘lgan.

Sherdor madrasasi

Samarqand shahri tarixi XVII asrning birinchi yarmida, ashtarxoniylar sulolasining olchin urug‘idan chiqqan o‘zbek zodagonlarining yirik vakili Yalangtush Bahodirning faoliyati bilan chambarchas bog‘liqdir.

Samarqandda ashtarxoniylar davrida Yalangtush Bahodir ta’siri sababli qurilish ishlari yanada jonlanadi. Ushbu ma’rifatparvar va saxovatpesha hokimning bevosita tashabbusi va farmoni bilan Registon maydonidagi vayronalikka yuz tutgan hashamatli Mirzo Ulug‘bek madrasasida ta’mirlash ishlarini olib borish hamda batamom buzilib ketgan Mirzo Ulug‘bek qurdirgan xonaqoh, Mirzoyi hammomi va karvon saroylari o‘rnida ikkita hashamatli inshoot - Sherdor madrasasi (1619-1636) va Tillakori madrasa-masjidi (1646-1660) bunyod etilgan. buzib yuborilgan diametri 15 metr bo‘lgan katta gumbazli xonaqoh o‘rnida Mirzo Ulug‘bek madrasasining nusxasi sifatida unga qarama-qarshi turgan Sherdor madrasasi bunyod etilgan. Sherdor madrasasining peshtoqi Mirzo Ulug‘bek madrasasi peshtoqi bilan asosan bir xil, binolar bir-biriga o‘xshash bo‘lsa ham, lekin sifat va me’morchilik jihatidan farq qiladi.

Tillakori madrasasi

Yalangto‘sh Bahodir Sherdor madrasasini qurdirganidan o‘n yil o‘tgandan so‘ng, Ulug‘bek tomonidan qurilgan Karvonsaroyni tiklash imkoniyati bo‘lmaganligi sababli, uning poydevori ustidan yangi madrasa – masjid qurdiradi.

U keyinchalik Tillakori madrasasi deb atalgan. Tillakorining qurilishi bilan Registonning ajoyib bir ansambli mukammal shaklga keladi.

Ushbu obidaning me’mori maydondagi hamma binolarning yaxlit bir butun bo‘lishini ta’minlash uchun Tillakori madrasasini mavjud imoratlarga moslashtiradi. Imoratlarni qurishda o‘sha davrda qo‘llanilgan me’moriy qoida-qonunlardan chekinishga to‘g‘ri kelgan. To‘rt tomoni tutashdek tasavvur bo‘lishi uchun madrasa fasadini juda uzun qilishga to‘g‘ri kelgan.

Amir Temur maqbarasi

Amir Temur maqbarasi Markaziy Osiyo me’morchiligining noyob asari sifatida e’tirof etilgan. Maqbara qurilishi buyuk Soxibqiron Amir Temur tomonidan 1404 yilda boshlanib, Mirzo Ulug‘bek davrida tugallangan.

Maqbara Samarqandning janubiy-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, XIV asr oxirida Amir Temurning nabirasi Muhammad Sulton tomonidan qurilgan madrasa yonida tiklangan.

Muhammad Sulton 1403 yilda Kichik Osiyoga bo‘lgan xarbiy yurish vaqtida to‘satdan kasallikdan vafot etgan. Shahzodaning jasadi Samarqandga olib kelinib, ansamblning janub tomonidagi ayvoni orqasidagi dahmaga dafn qilinadi. So‘ng Amir Temur shahzodaga atab maqbara qurish haqida farmon beradi. Shundan keyin dahma ustiga sakkizyoqli bino quriladi.

Shohi Zinda majmuasi

Shohi Zinda, ya’ni «Tirik shoh» maqbaralar majmuasi o‘tmish ajdodlarimiz tarixi va taqdirida alohida o‘rin tutadi. U ko‘hna Samarqandning janubiy qismida joylashgan bo‘lib, muqaddas ziyoratgohlaridandir.

Shohi Zinda nomi Muhammad payg‘ambarning amakivachchalari Qusam ibn Abbos nomi bilan bog‘liq. Gʻiyosiddin Javhariyning yozishicha, hazrat Qusam ibn Abbos Muhammad (s.a.v.)ni vafot etgandan so‘ng, yuvganlardan biridir. O‘sha chog‘da Qusam 8 yoshda bo‘lgan. Payg‘ambarimizni hadislarida aynan u kishi to‘g‘risidagi quyidagi so‘zlari Qusam ibn Abbosni kirish eshiklarini peshtoqida yozilgan: “Qusam ibn Abbos o‘z xulqlari va tashqi ko‘rinishlari bilan menga o‘xshaydigan shaxslardandir” deyilgan. Hazrat Qusam imom Xasan bilan emishgan aka-ukadur.

Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyi

Buyuk o‘zbek xalqining atoqli farzandi, jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan benazir alloma va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq ushbu muzey 1964 yilda tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning tashabbusi bilan 2010 yilda muzey tubdan yangi qurilgan binoda qayta tashkil etildi.

Majmuaga g‘arbiy tomondan kiraverishda olim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bekning hukmdorlik taxtida o‘tirgan siymosiga duch kelamiz. Haykal O‘zbekiston xalq rassomi Ravshan Mirtojiyev tomonidan yaratilgan. Haykalning orqa tomonidagi quyosh va to‘qqiz sayyorani o‘z ichiga olgan «Yulduzli osmon» nomli panno O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi Madaniy merosni saqlash va muhofaza etish bosh boshqarmasi va Raxmonov xususiy korxonasi xodimlari ijodining namunasidir. Uni Samarqand ta’mir korxonasi rahbari Baxrillo Abdullayev shogirdlari bilan amalga oshirishdi.

 
 
7-Aprel, 2022-yil | Ijtimoiy