XALQ DEPUTATLARI SHAHAR KENGASHINING YETTINCHI CHAQIRIQ, 13-SESSIYASI BO‘LIB O‘TDI. SESSIYA KUN VA ISH TARTIBI TASDIQLAB OLINGACH, MUHOKAMA UCHUN QO‘YILGAN MASALALAR KO‘RIB CHIQILDI.

Xususan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2025-yilga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlarini Samarqand shahrida o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shahar hokimining o‘rinbosari E.Radjabovning hisoboti tinglandi.
Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi choragida 36,2 milion dollarlik 7 ta loyiha ishga tushirilib, 652 ta yangi ish o‘rini yaratilgan. Tasdiqlangan dastur doirasida uch oyda 83,5 million dollar o‘rniga 96,1 million dollar yoki rejaga nisbatan +12,6 million to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya va kreditlar o‘zlashtirilgan.
Muzokaralar davomida sessiya ishtirokchilari hokim o‘rinbosariga sifat va samaradorlikni oshirish yuzasidan zarur tavsiyalar berishdi.
Shundan so‘ng deputatlar ATB “Agrobank” viloyat boshqarmasi hududiy filiali boshqaruvchisi Zafar Raxmonovning “Bank tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda imtiyozli kreditlarning ajratilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi hisobotini ko‘rib chiqdi.
4-oilaviy poliklinika bosh vrachi Gulnora Rustamovaning 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2025-yilga mo‘ljallangan ustuvor rejalari ham deputatlar e’tiboridan chetda qolmadi.
Hisobot muhokamasida deputatlar o‘z saylovchilari manfaatlaridan kelib chiqib, tegishli takliflarni bildirdi. Ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Sessiyada shuningdek, shahar mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi. Unga ko‘ra, ijro organi mutasaddilari tomonidan so‘ralgan turli miqdordagi mablag‘ni ajratish-ajratmaslik yuzasidan fikrlar bildirildi.
Yakunda ko‘rib chiqilgan har bir masala yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Yangiliklar
1-May, 2025-yil
30-Aprel, 2025-yil