XALQ DEPUTATLARI SAMARQAND SHAHAR KENGASHINING XIX SESSIYASIDA IJTIMOIY-IQTISODIY HAYOTGA OID BIR QATOR MASALALAR KO‘RIB CHIQILDI.
Deputatlar tasdiqlagan sessiya kun tartibiga muvofiq dastlab “Tashabbusli budjet” jarayonining joriy yil 2-mavsum yakuni bilan shakllangan tadbirlarga “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” mablag‘larini yo‘naltirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, tanlab olingan 20 ta loyihaga dastlab 28 846 917 ming so‘m xarajat amalga oshirilishi aniqlangan. Muhokamalar davomida har bir loyiha bo‘yicha xarajatlarni real summasiga aniqlik kiritilib, xarid qilinadiganlar bo‘yicha fikr yuritildi.
Deputatlar shirkatlar o‘rnida yangi tashkil etilgan professional boshqaruv tashkilotlar nomiga qayta rasmiylashtirayotgan kreditlar bo‘yicha shahar hokimligi tomonidan kafillik berish to‘g‘risidagi masala yuzasidan atroflicha fikr bildirishdi.
Shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Yakubovning shaharda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlari to‘g‘risidagi hisoboti deputatlarni befarq qoldirmadi. Jumladan, ayrim turdagi jinoyatlar oshib borayotgani, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyat qayd etilayotgani jiddiy tanqid qilindi. Bu borada ichki ishlar organlarining jamoatchilik va boshqa davlat idoralari bilan amalga oshirayotgan ishlari samarasi sezilmayotgani qayd etildi.
Hisobot beruvchiga jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar bildirildi.
Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi shahar bo‘limi boshlig‘i R.Islomovning hisoboti yuzasidan ham deputatlar saylovchilarning manfaatlari aks etgan savollarga javob olishdi. Xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, murojaat qiluvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Sessiya davomida shuningdek, Samarqand shahar 8-oilaviy poliklinika bosh vrachi D.Normurodovaning joriy yil 1-yarim yillik yakuni bilan amalga oshirilgan ishlari hamda yil yakuniga qadar mo‘ljallangan ustuvor rejalari to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi.
Sessiya ishida Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining ayrim deputatlarini deputatlik vakolati muddatidan oldin tugatildi.
Deputatlar tomonidan muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ijrosi nazoratga olindi.
Yangiliklar
14-Noyabr, 2025-yil
13-Noyabr, 2025-yil