VILOYAT PROKURORI BOSHCHILIGIDA "QIZIL HUDUDGA" KIRGAN IKKI MAHALLA O‘RGANILDI
Samarqand shahrida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, bugun ham Samarqand viloyati prokurori Murodqosim Eshnazarov boshchiligida Registon va Afrosiyob mahallasidagi tungi holat ko‘zdan kechirildi.
Jinoyatchilikning oshishi bo‘yicha "Qizil hududga" kirgan ushbu mahallalardagi jinoyatga sabab bo‘lgan omillar o‘rganildi. O‘rganish davomida mahalla hududidagi muammolarni oldini olish masalalari haqida so‘z bordi.
Shuningdek, viloyat prokurori hududda jinoyatchilikni keltirib chiqargan va jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan holatlarni tegishli tartibda bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berdi.
Viloyat prokurori so‘zi davomida Samarqand shahrini har tomonlama xavfsiz turizm shahriga aylantirish va bu ikki mahallani ham tez fursatda qizil toifadan chiqarib, namunali mahallaga aylantirish kerakligini ta’kidladi.