SAMARQAND SHAHRIDA “BOLALAR VA YASHIL JAMOAT PARKI” QURILMOQDA

Bugungi kunda aholimizga dam olish uchun qulaylik yaratish maqsadida shaharda ko‘plab qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti. Ulardan biri - O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan sobiq harbiy shifoxona (gospital) o‘rnida barpo etilayotgan jamoat parkidir.
Bu yerdagi 100 dan ziyod ko‘p yillik manzarali daraxtlar to‘liq saqlab qolinib, qo‘shimcha yashil maydonlar barpo etiladi. Mavjud binolar qayta ta’mirlanib, harbiy shifoxona (gospital) tarixini yoritib beruvchi muzey, raqamli kutubxona, ko‘p tarmoqli o‘quv markazi, kreativ to‘garaklar, sun’iy intellekt, 3D modellashtirish, robototexnika va kibersport o‘yinlari tashkil etiladi.
Bog‘da muzqaymoq pavilonlari, attraksionlar, favvoralar, Nuroniylar choyxonasi, sog‘lom turmush markazi, fitnes klub, shaxmat-shashka, vorkaut, oranjereyalar, 12 ta aylana shiyponcha va 80 ta o‘rindiq o‘rnatiladi.