SAMARQAND SHAHRIDA “ASIAN WORLD” TURIZM KO‘CHASINI TASHKIL ETISH ISHLARI BOSHLANDI
Samarqand shahrining Ibn Xoldun ko‘chasini zamonaviy va konseptual “Asian World” turizm ko‘chasiga aylantirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi. Mazkur loyiha shahar turistik infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlar uchun yangi va jozibador maskan yaratish hamda Samarqandning xalqaro turizm imijini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Loyiha doirasida ko‘cha hududi Osiyo davlatlariga xos yagona me’moriy va dizayn konsepsiyasi asosida qayta tashkil etilishi rejalashtirilgan. Jumladan, piyodalar yo‘laklari, tashqi yoritish tizimi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, dam olish zonalari hamda ko‘cha bezaklari Osiyo mamlakatlarining milliy uslublari uyg‘unligida zamonaviy yechimlar bilan jihozlanadi. Shuningdek, ko‘chada turizm axborot vositalari, yo‘naltiruvchi belgilar va foto zonalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, loyiha doirasida kecha-kunduz, 24/7 faoliyat yuritadigan gastronomik ko‘cha tashkil etilib, unda Osiyo mamlakatlarining milliy taomlari zamonaviy servis asosida taqdim etilishi rejalashtirilgan.
“Asian World” turizm ko‘chasi Osiyoning turli davlatlari madaniyati, milliy taomlari, hunarmandchiligi va an’analarini bir makonda namoyon etuvchi ochiq turizm maydoniga aylanishi rejalashtirilmoqda. Bu esa nafaqat xorijiy sayyohlar, balki mahalliy aholi uchun ham yangi madaniy va sayyohlik muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus shaharni kompleks rivojlantirish, turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilib, belgilangan reja asosida ishlar izchil davom ettiriladi.
“Asian World” turizm ko‘chasining tashkil etilishi Samarqandning qadimiy tarixiy merosi bilan uyg‘unlashgan holda zamonaviy turizm yo‘nalishlarini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Yangiliklar
19-Yanvar, 2026-yil
17-Yanvar, 2026-yil
16-Yanvar, 2026-yil
16-Yanvar, 2026-yil