Ishonch telefoni
Ish vaqti: uzluksiz

+99866-233-20-90

SAMARQAND SHAHRIDA 24/7 GASTRONOMIK TURIZM KO‘CHALARINI TASHKIL ETISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

Samarqand shahrida 24/7 gastronomik turizm ko‘chalarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi

Samarqand shahar hokimligida shahar hokimligi mas’ullari hamda viloyat Turizm boshqarmasi vakillari ishtirokida Samarqand shahrida 24/7 faoliyat yurituvchi gastronomik turizm ko‘chalarini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda shahar turistik salohiyatini yanada oshirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qulay va jozibador gastronomik muhit yaratish, shuningdek, kechki va tungi turizm infratuzilmasini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, gastronomik turizm ko‘chalari shahar iqtisodiy faolligini oshirish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muhokama jarayonida Samarqand shahridagi tanlab olingan istiqbolli ko‘chalarni zamonaviy dizayn va yagona konsepsiya asosida qayta ta'mirlash , milliy va xalqaro oshxona yo‘nalishidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalarini joylashtirish, sanitariya va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ko‘chalarda kechayu-kunduz faoliyat yurituvchi gastronomik obyektlar, dam olish zonalari, yoritish va navigatsiya tizimlarini joriy etish takliflari bildirildi.

Yig‘ilish yakunida mas’ul tashkilotlarga 24/7 gastronomik turizm ko‘chalarini bosqichma-bosqich tashkil etish bo‘yicha taklif va konsepsiyalar ishlab chiqish, tegishli infratuzilma va huquqiy masalalarni o‘rganish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Mazkur tashabbus Samarqand shahrining turistik jozibadorligini oshirish, gastronomik turizmni rivojlantirish hamda shaharni mintaqadagi yetakchi sayyohlik markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
 

 
 
14-Yanvar, 2026-yil 14:36 |