Ishonch telefoni
Ish vaqti: uzluksiz

+99866-233-24-96

"QUVNOQ SHAHARCHA"DAN PREZIDENT SOVG‘ASIGACHA BARCHASI BOLALARGA KO‘TARINKI KAYFIYAT ULASHISH UCHUN

"Quvnoq shaharcha"dan Prezident sovg‘asigacha barchasi bolalarga ko‘tarinki kayfiyat ulashish uchun

 

"Quvnoq shaharcha"ni zulmat qopladi. Shaharchaning quvnoq bolalari zulmatdan hamjihatlik, birdamlik evaziga yorug‘likka chiqib, farovon kunlarga erishishdi. 

Hayot ham asli shunday — har qanday sinovlarning oxirida, albatta, nurafshon kunlar bor. Hayotning achchiq sinovlariga beg‘ubor bolalik chog‘idayoq ro‘baro‘ kelgan bolalarning ham, albatta, kelajagi porloq. Chunki, ularni qo‘llab turgan hur O‘zbekiston, har doim o‘z farzandidek yo‘qlab turgan Yurtboshisi bor!

Bu yilgi Yangi yil tantanalarida samarqandlik 569 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun Prezident sovg‘alari keldi. E’tiborlisi, joriy yilgi sovg‘alar oldingilaridan boshqacha, o‘quv qurollari, shirinliklardan tashqari ular xohlagan samokat, skuterlargacha jo‘natilgan.

- Yoshim o‘n yettiga yetdi, bolalar uyiga kelganimda o‘n yoshda edim, - deydi SOS bolalar mahallasida yashovchi Natasha Davlatova. – Bayramlarda yurtboshimizning sovg‘alari olib, bayram tabrigini eshitib, ko‘nglimiz ko‘tariladi. Shu paytgacha bayramlarda olgan sovg‘amiz bilan quvonib, o‘yin kulgu bilan shodlanardik. Ulg‘aygan sarim, bu e’tibor va g‘amxo‘rliklarga qanday javob qaytaraman, degan savol o‘ylantirmoqda. Shu bois, bugun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, maktabdan tashqari qo‘shimcha to‘garaklarga ham qatnashayapman. Kelajakda tibbiyot yo‘nalishida tahsil olib, neyrojarrohlik bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib, yurtimizga, xalqimizga xizmat qilishni maqsad qilganman.

Samarqand shahrida tashkil etilgan Prezident archasi bayram tadbirlari ishtirokchilari viloyat musiqali drama teatrida jam bo‘lishdi. Ular uchun teatr jamoasi tomonidan “Quvnoq shaharcha” spektakli namoyish etildi. Shundan so‘ng bolajonlar bayram dasturxoniga taklif etildi. Tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev bolajonlarga Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va ular uchun jo‘natilgan sovg‘alarni viloyat faollari bilan birgalikda tantanali ravishda topshirdi.

Tadbir bayram tomoshalari bilan davom etdi. Turli ertak qahramonlari ishtirokidagi konsert dasturi bolajonlarga unitilmas shodliklar ulashdi.

- Buvim bilan yashayman, bayramga ham birga keldik, - deydi kattaqo‘rg‘onlik Marjona To‘rayeva. – Bayram tomoshalari menga juda ham yoqdi. Prezident sovg‘asi ham zo‘r ekan. Men ham o‘rtoqlarimnikidek samokatim bo‘lishini xohlardim. Yurtboshimiz bilgandek menga ham samokat jo‘natibdi, katta rahmat. Endi ular bilan bemalol birga o‘ynayman!

 
 
26-Dekabr, 2024-yil 18:18 |