O‘ZBEKISTON — FINLANDIYA PEDAGOGIKA INSTITUTIDA KONSTITUTSIYA BAYRAMI MUNOSABATI BILAN SPORTNING 14 TA TURIBO‘YICHA FAKULTETLARARO SOG‘LOMLASHTIRISH VA OMMAVIY SPORT MUSOBAQALARI BO‘LIB O‘TMOQDA.
Pedagogika, jismoniy tarbiya va sport fakulteti talabalari ishtirokida sportning engil atletika turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada fakultet talabalaridan 500 nafardan ziyod yoshlar faol qatnashdilar. Ishtirokchilar — qizlar 500 metr, yigitlar 1000 metr masofaga yugurish musobaqalarida ishtirok etishdi. Qizlar o‘rtasida 1-bosqich talabasi Marjona Rahimova barchani ortda qoldirib, marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tdi va g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ruhshona Abduxoliqova ikkinchi, Jasmina Uzoqboyeva uchinchi o‘rinni egallab sovrindorlar safidan o‘rin olishdi. Yigitlar o‘rtasidagi bahslar juda shiddatli va qiziqarli tus oldi. Marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan 2-bosqich talabasi Diyor Bektemirov eng yuqori natijaga erishdi. Shuningdek, Muzaffar Nasriddinov, Sanjar Abdurasulov kabi sportsevar yoshlar ham sovrinli va faxrli o‘rinlar sohibiga aylanishdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrinli talaba sportchilarga institut qoshidagi “Talaba” sport klubi tomonidan esdalik sovg‘alari, medallar va diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
— Konstitutsiyamizning 32 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan bu musobaqa kurashlarga boy bo‘ldi, — deydi pedagogika, jismoniy tarbiya va sport fakulteti dekani, dotsent Matlab Rahimov. — Musobaqani o‘tkazishdan maqsad talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini barqaror yaratish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadga qaratilgan.
Institutda hozirga qadar o‘tkazilgan turli sport musobaqalarida 3 mingdan ortiq talabalar faol ishtirok etdilar.
Yangiliklar
3-Dekabr, 2024-yil
2-Dekabr, 2024-yil