MUNOSABAT: UNIVERSITET HIYOBONIDAGI BIRORTA DARAXT KESILMAYDI
Biroz avval, ijtimoiy tarmoqlarda Universitet xiyobonidagi daraxt shoxlari kesib tashlanayotgani hamda ularga shikast yetayotgani haqida xabarlar tarqaldi va bu holat keng jamoatchilik o‘rtasida keskin e’tiroz va muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Samarqand shahridagi daraxtlarga bog‘liq holat bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, nafaqat Universitet xiyoboni, balki shahardagi har bitta kichik daraxtning taqdiri ham nazoratga olingan va ularga o‘zboshimchalik bilan zarar yetkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday ishga qo‘l urganlar esa albatta, qonun doirasida javobgarlikka tortiladi.
Aynan Universitet xiyobonidagi bugungi kunda yuzaga kelgan holatga to‘xtaladigan bo‘lsak, shu aniqki, xiyobonda daraxt kesilishi ko‘zda tutilmagan va bunga yo‘l ham qo‘yilmaydi. Biroq daraxtlarning qurigan, notartib holatga kelgan va albatta u qadar yirik bo‘lmagan shoxlari kesilmoqda.
Shu bois, Samarqand shahri fuqarolari hamda shahrimiz mehmonlari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan ushbu jarayonda xavotirga o‘rin yo‘qligini eslatib o‘tamiz.
Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati.