Ishonch telefoni
Ish vaqti: uzluksiz

+99866-233-20-90

MUNOSABAT: UMUMIY MAYDONI 301 GEKTARNI TASHKIL ETUVCHI HUDUDDA RENOVATSIYA ISHLARI OLIB BORILMOQDA

Munosabat: Umumiy maydoni 301 gektarni tashkil etuvchi hududda renovatsiya ishlari olib borilmoqda

So‘nggi kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan renovatsiya jarayonlari haqida asossiz va bir tomonlama ma’lumotlar tarqatilmoqda. Shu munosabat bilan quyidagilarni ma’lum qilamiz: 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 noyabrdagi PQ–407-sonli qarori bilan Samarqand viloyatida investisiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilab berilgan.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand shahrining “Mehnat”, “Maysazor”, “Temiryo‘lchilar”, “Ipak yo‘li”, “Barka” va “Ma’nonat” mahallalarida umumiy maydoni 301 gektarni tashkil etuvchi hududda renovatsiya ishlari olib borilmoqda. Hududda 2850 ta xonadon, 14,5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Shuningdek, 1 ta umumta’lim maktabi va 1 ta DMTT mavjud.

Loyiha konsepsiyasi “Qishloq qurilish loyiha” DUK tomonidan ishlab chiqilib, viloyat Arxitektura va shaharsozlik kengashida tasdiqlangan.

Bosh rejaga ko‘ra, hududda aholi uchun qulay va zamonaviy “yana bir shaharcha” barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan:
356 ta ko‘p qavatli turar-joy binosi (10–12 qavatli, 30 996 xonadon), 10 ta ijtimoiy soha ob’yekti, 1 ta park va sayilgoh,
1 ta yirik savdo hamda ko‘ngilochar markazi, mehmonxona, sport maydonchalari, ekobozor va boshqa xizmat ko‘rsatish maskanlari qurilishi belgilangan.

Shu tariqa, mazkur hududdagi xonadonlar egalari zamonaviy, barcha qulayliklarga ega, infratuzilmasi rivojlangan turar-joy sharoitiga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda aytilganidek, mulkdorlar manfaatlari poymol etilishi haqidagi iddaolar asossizdir. Har bir xonadon uchun qonunchilikda belgilangan tartibda haqiqiy bozor qiymati asosida kompensatsiya yoki teng qiymatli uy-joy bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.

Davlat organlari va tashabbuskor developerlar bilan mulkdorlar o‘rtasida kelishuvlar notarial tartibda amalga oshirilib, har bir holat qonun doirasida hal etiladi.

Shu bois aholidan turli asossiz xabarlarga ishonmaslik, rasmiy axborot manbalari orqali to‘g‘ri ma’lumot bilan tanishib borish so‘raladi.

 
 
2-Oktabr, 2025-yil 8:30 |