Ishonch telefoni
Ish vaqti: uzluksiz

+99866-233-24-96

MUNOSABAT: TADBIRKORLARNING HUQUQI HIMOYA QILINADI

Munosabat: Tadbirkorlarning huquqi himoya qilinadi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Erkin Turdimov asbobini kimga peshlagandi? Tadbirkor mulki ham tortib olinmoqda...” sarlavhali video e’lon qilindi va unda tadbirkorlarning mulki tortib olinayotgani aytildi.


Mazkur holat bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi PF-46-son Farmoniga ko‘ra, hududlarda “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni barpo etish ko‘zda tutilgan. Mazkur farmon ijrosini ta’minlash hamda shaharni yanada obodonlashtirish va aholiga barcha qulayliklarga ega bo‘lgan 38 gektar maydonida “Yangi O‘zbekiston bog‘i”ni yaratish rejalashtirilgan va ushbu ishlar Samarqand shahrining Qorasuv maskanida olib borilmoqda.

Shu maqsadda ayni kunlarda maskandagi belgilangan yer maydonini to‘liq ochib olish, bog‘ni yashillashtirish va turli xildagi manzarali daraxtlarni ekish hisobiga ishlarni davom ettirish rejalashtirilgan. Biroq hududning ma’lum qismida ayrim fuqarolarga tegishli turar va noturar binolar mavjud bo‘lib, ular mulk egalarining roziligiga ko‘ra, kompensatsiya berilgandan so‘nggina yangi bog‘ hududiga qo‘shib olinishi belgilangan.

Shuningdek, eslatib o‘tamizki, video orqali murojaat qilgan tadbirkorlar uchun Samarqand tuman hokimligi tomonidan O‘rmon fondiga tegishli yer maydonlari ajratilganligi sababli ushbu qarorlarni 2019 yilda Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan qonuniy tartibda o‘rganib chiqilib, tuman hokimi qarorlarini g‘ayriqonuniy deb topib bekor qilish bo‘yicha protest kiritilgan va hokim qarorlari bekor qilingan. Keyinchalik O‘rmon xo‘jaligi tomonidan qurilgan inshootlarni buzish va yer maydonlarini bo‘shatish to‘g‘risida sud organlariga da’vo arizasi kiritilgan va ushbu ariza qanoatlantirilgan.

Shunga qaramasdan yuqorida keltirib o‘tilgan “Yangi O‘zbekiston bog‘i”ni yaratish uchun mo‘ljallangan yer maydonida joylashganligini inobatga olib, tadbirkorlardan qonunda belgilangan tartibda tovon pullari to‘lagan holda yer maydonlari qaytarib olinishi choralari bugungi kunda ko‘rib chiqilmoqda

 
 
26-Iyul, 2022-yil 18:30 |