MAMLAKATIMIZ TURIZM SALOHIYATI YIL SAYIN RIVOJLANIB, SAYYOHLAR OQIMI ORTIB BORMOQDA. SOHA YURTIMIZ IQTISODIYOTINING MUHIM TARMOQLARIDAN BIRIGA AYLANIB ULGURDI, DESAK MUBOLAG‘A BO‘LMAYDI.
Shu paytgacha turizm sohasi tilga olinsa, xizmat ko‘rsatish, transport bilan bog‘liq muammolar birinchi navbatda tilga olinar edi. Davlatimiz rahbarining sohaga qaratgan alohida e’tibori natijasida bu kabi muammolar to‘liq bartaraf etildi. Bugun turizm rivoji uchun zarur bo‘layotgan eng dolzarb masalalar nima, degan savol qo‘yilsa, albatta, birinchi navbatda gidtarjimonlar malakasi o‘rtaga tashlanadi.
Odatda, yilning aprel oyidan noyabr oyigacha yurtimizda turizm mavsumi, deb yuritiladi. Ayni shu davrda turistlar oqimi nihoyatda zich bo‘ladi. Afsuski, ko‘p hollarda kelgan turistlarning aksariyati shunchaki tomoshabin sifatida qisqa muddatda diqqatga sazovor joylarimizni tark etayotganiga guvoh bo‘lamiz. Nega? Ushbu savolning javobi oddiy. Ularga xizmat ko‘rsatayotgan gid-tarjimonlarimiz tarixiy obidalar, diqqatga sazovor joylarimiz haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas va bor ma’lumotni ham sayyohlarga qoniqarli darajada yetkazib bera olmayapti. Kuzatuvlarimiz davomida malakali gidtarjimonlar hamrohligida kelgan sayyohlar Registon maydonining tarixi, undagi tasvirlar, bitiklar mohiyati haqida soatlab ma’lumotlarni tinglaydi. Yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lgach, o‘zlari har bir tasvir, bitik va naqshlarni ko‘zdan kechirib chiqadi.
Shuningdek, ansamblning har bir obyektida bir necha soatlar davomida sayohat qilib, batafsil tanishishga intiladi. Ular shunchaki tarixiy obidalarimizning mahobatini ko‘rish uchun kelmagan. Balki, bizning tariximiz, madaniyatimiz qanday bo‘lgan, mahobatli binolardan qay yo‘sinda, maqsadda foydalanilgan, ularning yaratilish tarixi, barcha-barchasi ular uchun qiziq. Faqatgina bunday ma’lumotlarni ularga batafsil, tushunarli tarzda yetkazib berish lozim. Afsuski, sayyohlar, rasmiy delegatsiyalarga malakali gid-tarjimonlar topish borasida qiyinchiliklarga duch kelayapmiz. Aslida turistlar oqimini oshirishda, eng avvalo, ularga bor manbalarni batafsil, qiziqarli tarzda yetkazib beradigan gid-tarjimonlarning mahorati birinchi o‘rinda turadi. Shu bois, turizm mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmog‘iga aylanib borayotgan ekan, soha uchun eng zarur bo‘lgan gid-tarjimonlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor berish lozim.
Asliddin SAFAROV,Registon ansambli gidlar bo‘limi boshlig‘i
Yangiliklar
30-Dekabr, 2025-yil
26-Dekabr, 2025-yil
14-Dekabr, 2025-yil