"MAKTABGACHA TA’LIM TIZIMI YANGI BOSQICHDA..."
Ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalash, zamon talablari asosida bilim berish tizimi tobora takomillashmoqda. Ma’lumki, ta’lim tizimi bevosita oiladan boshlanib, maktabgacha ta’lim sohasida davom ettiriladi. Maktabgacha ta’limdan so‘ng maktab, o‘rta- maxsus va oliy ta’lim bosqichlarida bu jarayon yanada kuchaytiriladi.
Prezidentimizning shu yil 5-fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni tizimda yangi yo‘nalishlarni belgilab berdi. Farmonda ta’kidlanganidek, endi tizimga tegishli muassasalar bola parvarishlash maskani emas, balki, professional ta’limning uzviy bo‘lagiga aylantiriladi. Buning uchun maktabgacha ta’lim jabhasida 5 ta strategik o‘zgarishni amalga oshirish belgilandi.
Uning dastlabkisi maktabga majburiy tayyorlov tizimini zamon talablari asosida takomillashtirishga qaratiladi. Endi 6 yoshli bolalar uchun maktabga tayyorlov bosqichi majburiy etib belgilandi. Bu jarayon har bir bolaning 1-sinfga borishdan avval boshqa tengdoshlari bilan teng imkoniyatga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Sohada raqamli sertifikatlash jarayoni ham keng qo‘llaniladi. 2027-2028-o‘quv yilidan boshlab maktabgacha ta’lim bitiruvchilariga tayyorgarlik darajasini tasdiqlovchi elektron sertifikat beriladi. Strategiyaning yana bir muhim jihati shundaki, mamlakatimizda “Yangi avlod” innovatsion dasturi asosida robotatexnika, kreativ fikrlashga ixtisoslashgan innovatsion markazlar tashkil etilib, ularda kelajak muhandislari, ixtirochilarini kashf etish imkoniyati yaratiladi.
Soha xodimlari mehnatiga munosib baho berish, haq to‘lash tizimini hayot talablari darajasiga ko‘tarish yuzasidan xodimlarning maoshlarini 20 foiz qo‘shimcha ustama hisobidan oshirish ko‘zda tutilgan. Eng muhimi, sohada shaffoflik va raqamlashtirish tizimi keng qo‘llaniladi. Xususan, bog‘chalarga qabul qilishdan boshlab ta’lim sifatini baholashgacha bo‘lgan barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi.
Ushbu farmon asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini yanada kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan sohaga sarmoya kiritish asosida istiqbolli va himoyalangan biznes yo‘nalishi yaratilmoqda. Buning uchun tadbirkorlarga imtiyozli yer maydonlari, yangi bog‘chalar uchun yer ajratishda tadbirkorlarga imtiyozlar yaratish belgilandi. Bundan tashqari, bosh binolardan foydalanish tizimi yanada keng imtiyozlarni yaratadi. Ya’ni nodavlat MTT tashkil etish uchun ajratiladigan binolar “nol” xarid qiymatida yoki 30 yilgacha bo‘lgan muddatga imtiyozli ravishda ijaraga beriladi. Bugun tizimda keng rivojlanayotgan oilaiy bog‘chalar tarmog‘ini ham kengaytirish uchun litsenziya olish tartibi soddalashtirildi, ularga beriladigan subsidiya miqdori oshirildi.
Farmonga muvofiq yana bir qator imtiyoz va yengilliklarni joriy etish ko‘zlanmoqda. Maqsad, 2030-yilga qadar 6 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga to‘liq qamrab olishdir. Ayni paytda shahrimizda bolalarni bag‘chaga qamrash hajmi 76 foizni tashkil etadi. Shu yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Zayniddin NURIDDINOV,
shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i
Yangiliklar
20-Fevral, 2026-yil
20-Fevral, 2026-yil
19-Fevral, 2026-yil
19-Fevral, 2026-yil
18-Fevral, 2026-yil