IJTIMOIY XODIM — BARCHANING KO‘MAKDOSHI
Mahalla Vatan ichra vatan, degan tushunchaga mahallada yuritayotgan faoliyatim mobaynida yana bir bor ishonch hosil qildim.
Aholi orasida ijtimoiy yordamga muhtoj emasman, degan odamlarni uchratish qiyin ekan. Buni har bir eshik ichida, hovlida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar tasdiqlaydi. Ijtimoiy kasbim taqozosiga ko‘ra mahalladagi har bir oilaning turmushi, oila a’zolarning salomatligi, hayotiy ko‘nikmalarni o‘rganish bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi.
Faoliyatim mobaynida 70 dan ortiq muammoli oilalar bilan ishlashga to‘g‘ri keldi. Bu oilalarda to‘planib qolgan muammolarni hal etish yuzasidan 350 dan ortiq maxsus xizmat rejasini tuzishimga to‘g‘ri keldi. Bu vazifalar ijrosini ta’minlashda “Inson” ijtimoiy xizmatlar shahar markazi tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordamni ham alohida tilga olaman. Negaki, men bu yordam bo‘lmaganida ko‘z tikib turgan oilalarga yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lmas edim. Kimdir davolanishga, yana birov dori-darmonga, boshqasi esa oiladagi muammolarni hal etishga muhtoj bo‘ladi. Bu holatda “Inson” shahar ijtimoiy xizmatlar markazi bilan yaqin hamkorligim natijasida ko‘plab muammolarni hal etish imkoniyati yaratildi.
Bugun mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar zimmasiga qandaydir moddiy masalalarni hal etish vazifasi emas, balki, qarovsiz qolganlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolakaylarni ijtimoiy himoya tizimiga jalb etish vazifasi ham yuklangandir. Qolaversa, o‘n yillab ijarada yashaydigan, buning oqibatida og‘ir kasallikka chalingan yurtdoshlarimizga ham ijtimoiy yordam ko‘rsatish bizga yuklatilgan eng savobli vazifalardan biri, deb bilaman.
Shu sohada ishlar ekanman, aholining 12 ta toifasi bilan ishlashim lozimligi, ulardan 8 yo‘nalishdagi toifadagilar bilan alohida ishlash lozimligini hamisha his etgan holda ishlayman.
Men shug‘ullanayotgan sohani kasb, deb atamasdan og‘ir ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarimizni qiyin vaziyatdan olib chiqishga ko‘maklashuvchi oddiy xodim, deb atagan bo‘lar edim. Qolaversa, biz, fuqarolar o‘rtasida ularning muammolarini tinglovchi, ularga maslahat beruvchi psixolog, muhimi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi xodim sifatida bugungi hayotimizdan o‘rin olmoqdamiz.
Xurshida TOVMURODOVA,
Tutzor MFYdagi shahar "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi
Yangiliklar
1-Noyabr, 2025-yil
1-Noyabr, 2025-yil