IJTIMOIY SOHA TASHKILOTLARI HAM EKSPORT FAOLIYATIDA FAOLROQ ISHTIROK ETISHI ZARURLIGI TA’KIDLANDI.

O‘tgan yili “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi boshlandi. Jarrohlik, dermatologiya, endokrinologiya markazlari chet ellik fuqarolarga xizmat ko‘rsatishdan 1 million dollargacha mablag‘ tushirayotgan bo‘lsa, 18 ta ilmiy markazda xizmatlar eksporti 300 ming dollarga yetmayapti.
Shu munosabat bilan 24 ta ixtisoslashgan markazning tibbiy xizmatlar eksportini 30 million dollarga yetkazish, Osiyo taraqqiyot banki bilan 5 ta ixtisoslashgan markazni xususiy boshqaruvga berilishini tezlashtirish muhimligi qayd etildi.
Qo‘shni davlatlar bilan chegaradagi postlarga yaqin hududda joylashgan 60 ta shifoxonada o‘tgan yili 300 mingdan ziyod odamga tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Masalan, birgina “Ayritom” xalqaro savdo zonasida ochilgan xususiy klinika o‘tgan yilni o‘zida 15 ming chet ellik fuqaroga tibbiy xizmat ko‘rsatdi.
Lekin 3 ta davlat bilan chegaradosh, 7 ta bojxona posti bo‘lgan Toshkent viloyatidagi chegara oldi hududida birorta klinika yo‘q. Namanganda ham shu ahvol.
Shu bois, viloyat hokimlariga qo‘shni davlatlar bilan chegara oldi hududlarida 21 ta ko‘p tarmoqli klinika tashkil qilishni boshlash topshirildi.