Ishonch telefoni
Ish vaqti: uzluksiz

+99866-233-20-90

HUDUDLARDA QISHLOQ XO‘JALIGINI RIVOJLANTIRISHDA YANGI BOSQICH: AGRAR SOHADA SAMARALI BOSHQARUV VA INNOVATSIYALAR BO‘YICHA TASHKIL ETILGAN O‘QUV-AMALIY SEMINARNING 2-BOSQICHI  BOSHLANDI

Hududlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda yangi bosqich: agrar sohada samarali boshqaruv va innovatsiyalar bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv-amaliy seminarning 2-bosqichi  boshlandi

▫️Bugun tuman va shahar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun tashkil etilgan o‘quv-amaliy seminarning ikkinchi bosqichi  (https://t.me/BSA_uz/18620?single)o‘z ishini boshladi. O'quv - agrar soha rahbarlarining bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, sohada raqamli texnologiyalar hamda innovatsion yechimlarni keng joriy etishni maqsad qilgan. 
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Qishloq xo‘jaligi hamda Suv xo‘jaligi vazirliklarining mas’ul rahbarlari ishtirok etib, seminarning dolzarb ahamiyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Ishtirokchilar uchun respublika agroxizmatlar markazi (AKIS) faoliyati hamda zamonaviy bilimlarni amaliyotga joriy etish mexanizmlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xalqaro laboratoriya tahlillari asosida sertifikatlash jarayonlari,  paxta, g‘alla va sabzavot ekinlarining yangi, yuqori hosildor navlarini yaratish texnologiyalari, zamonaviy agroteхnologiyalar, jumladan, agrodronlardan foydalanish va yer resurslarini raqamli xaritalashning iqtisodiy samaradorligi yuzasidan taqdimotlar qilindi. 

Shuningdek, seminar doirasida davlat organlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida agrar sohada inson omilini qadrlash, mehnat muhofazasini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. 

Joriy yilning 7-fevraliga qadar davom etadigan ikkinchi bosqichning asosiy qismi amaliy mashg‘ulotlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda hududlarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini samarali boshqarish, resurslardan oqilona foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

❕Eslatib o'tamiz, ushbu yo'nalishdagi ilk o‘quv kursi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini (https://lex.uz/docs/-7886963) ta'minlash maqsadida tashkil etilgan.

 
 
2-Fevral, 2026-yil 18:16 |