BUGUN ADIZ BOBOYEV SAMARQAND SHAHRIDAGI 1-SINFGA QADAM QO‘YGAN BOLALARGA PREZIDENT SOVG‘ASINI TOPSHIRDI

Bugun viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarida "Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun" shiori ostida «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Samarqand shahridagi 43-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirok etdi.
Viloyat rahbari o‘quvchi va o‘qituvchilarni Mustaqilligimizning 34 yilligi va yangi o‘quv yili bilan tabriklab, birinchi sinfga qadam qo‘ygan bolajonlarga «Prezident sovg‘asi»ni topshirdi.
- Muassasamizda 1630 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, - deydi 43-maktab direktori o‘rinbosari Farangiz Do‘stmurodova. - Ularga 76 nafar malakali o‘qituvchi ta’lim-tarbiya berib kelyapti. O‘tgan o‘quv yilida maktabimizni 70 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularning 30 nafari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi. Joriy o‘quv yilida esa 140 nafardan ziyod o‘quvchi birinchi sinfga qabul qilindi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda viloyatda 1272 ta umumta’lim maktabi, 18 ta ixtisoslashtirilgan maktab, bitta Prezident maktabi hamda 46 ta nodavlat ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularda jami 777 mingdan ziyod o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Yangi o‘quv yilida esa viloyat bo‘yicha 91 ming 700 nafardan ziyod bola birinchi sinfga qadam qo‘ydi.