BUGUN — 26-DEKABR KUNI XALQ DEPUTATLARI SAMARQAND SHAHAR KENGASHINING YETTINCHI CHAQIRIQ V SESSIYASI BO‘LIB O‘TDI.
Sessiyani Xalq deputatlari shahar Kengashi raisi F. Umarov olib bordi.
Sessiya kun tartibi tasdiqlangach, masalalar muhokamasiga kirishildi. Shaharning 2025-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash, Xalq deputatlari shahar Kengashining 2023-yil 29-dekabrdagi “Samarqand shahrining 2024-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilib, muhokama etildi va tasdiqlandi.
Sessiyada shahar aholisini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida “Samarqand shahar gaz” ta’minoti bo‘limi boshlig‘i B. Iskandarov, shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i N. Safarovning hisobotlari tinglandi. Har ikki soha rahbarlari bu haqda hisobot berar ekan, amalga oshirilgan ishlarni batafsil tilga olib o‘tdilar. Ta’kidlandiki, belgilangan rejadagi ishlar bajarilishi ta’minlangan bo‘lsa-da, har ikki sohada ham aholini o‘ylantirayotgan muammolar to‘liq hal etilmagan. Xususan, elektr ta’minotidagi uzulishlarga to‘liq barham berilmagan. Gaz ta’minotida ham muammolar yetarlidir. Deputatlar har ikki sohaning shahar tashkilotlari rahbarlarining bu boradagi faoliyatini ko‘rib chiqish, muammolarni hal etish yuzasidan amaliy takliflar kiritish lozimligini qayd etdilar.
Shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Z. Nuriddinov “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining ta’lim tizimi islohotlari bo‘yicha belgilangan maqsadlarning shaharda amalga oshirilayotgan ishlar ijrosi to‘g‘risida”gi hisobotida ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar ijrosiga keng o‘rin berildi. Hisobotchi strategiyada belgilangan bu boradagi eng muhim vazifalarga va ularning ijrosiga e’tibor qaratar ekan, tizimni takomillashtirish, ta’lim va tarbiya uyg‘unligini ta’minlash, tarbiyachi, o‘qituvchilar tajriba hamda malakasini oshirish muammolariga to‘xtalib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand shahridagi Xalq qabulxonasi mudiri F. Sheryigitovning aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir qiluvchi omillar hamda dolzarb muammolar bilan ishlashning holati yuzasidan axboroti bilan tanishdilar. Axborotchi o‘z so‘zida aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir etayotgan omillarga to‘xtalar ekan, xizmat ko‘rsatish sohalari, jumladan, transport, kommunal tarmoqlardagi muammolarga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, sessiyada Xalq deputatlari shahar Kengashining ayrim qarorlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi masala ham muhokama etilib, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar bildirildi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shu bilan Xalq deputatlari shahar Kengashining V sessiyasi o‘z ishini yakunladi.
Yangiliklar
25-Dekabr, 2024-yil
25-Dekabr, 2024-yil
25-Dekabr, 2024-yil