AYRIM BEMORLARGA DORIXONALARDA BEPUL DORI-DARMON BERILADI

Samarqand shahar markaziy shifoxonasidagi maslahat diagnostika bo‘limida davlat tibbiy sug‘urtasining mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan seminar tashkil etildi.
Unda Respublika davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mas’ullari, shahardagi barcha oilaviy poliklinikalar xodimlari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
- Davlat tibbiy sug‘urtasi – bu aholini kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar bilan ta’minlashga qaratilgan davlat dasturidir, - deydi jamg‘armaning matbuot xizmati rahbari Sayyora Shoyeva. - Ushbu tizim asosida fuqarolarga “Kafolatlangan paket hajm” doirasida shoshilinch yordam, terapevt va boshqa mutaxassislar qabullari, tekshiruvlar, jarrohlik amaliyotlari, dori-darmon bilan ta’minlash va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.
Dastlab davlat tibbiy sug‘urtasi 2021 yilda Sirdaryo viloyatida sinov tariqasida joriy etildi. So‘ngra yig‘ilgan tajriba va tahlillar asosida 2024 yilda Toshkent shahri va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich ishga tushirildi.
Bu xizmatlardan foydalanish uchun fuqaro doimiy ro‘yxatda turgan oilaviy shifokor (poliklinika) orqali tibbiy xizmatga murojaat qiladi. Muhimi, sug‘urta avtomatik joriy etiladi, fuqarolardan hech qanday ariza badal va boshqa to‘lovlar talab etilmaydi. Ammo oilaviy shifokor bilan doimiy aloqada bo‘lish tavsiya etiladi. Murakkab holatlarda mutaxassisga elektron yo‘llanma beriladi.
Sodda qilib aytganda, davlat tibbiy sug‘urtasi — fuqaroning sog‘lig‘ini davlat tomonidan himoya qilish tizimi hisoblanadi, ya’ni sug‘urta orqali aholi bepul yoki arzonlashtirilgan tibbiy xizmatlardan foydalanishi mumkin. Bunda davlat har bir insonning sog‘lig‘ini kafolatli himoya qiladi va tibbiyot tizimini moliyalashtiradi.
Seminarda Reimbursatsiya dasturi haqida ham malumot berildi. Reimbursatsiya – inglizcha so‘z bo‘lib, “xarajatlarni qoplash” ma’nosini anglatadi. Ya’ni, surunkali kasalliklarga qarshi dori vositalari uchun davlat tomonidan xarajatlarni qoplash tizimidir. Bunda aholiga 7 turdagi kasallik uchun 28 turdagi dori vositalari elektron resept orqali bepul taqdim etiladi. Masalan, surunkali kasallik bilan og‘rigan bemorga shifokor elektron resept yozadi va jamg‘arma bilan shartnoma qilgan dorixonalarga borishini aytadi. Bemor shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan o‘sha dorixonaga murojaat qiladi va dori vositalarini bepul oladi.
Seminar yakunida samarqandlik shifokorlar tizim bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qildi va tegishli javoblarni oldi.
Yangiliklar
23-Avgust, 2025-yil
21-Avgust, 2025-yil