⚡️AHOLI VA QISHLOQ XO‘JALIGINI RO‘YXATGA OLISH SOLIQLARNI OSHIRISH UCHUN O‘TKAZILYAPTIMI?
O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri yuzasidan fuqarolarda savollar tug‘ilmoqda. Bu haqda Statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ba’zi odamlar uy-joyi yoki chorvasi haqida bergan ma’lumotlari ortiqcha soliqqa tortishga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Qo‘mita aslo bunday holat yuzaga kelmasligini, barcha ma’lumotlarni maxfiy saqlash kafolatlanishini ma’lum qildi.
“Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonida berilgan barcha ma’lumotlar qonunga asosan maxfiy saqlanadi hamda soliqqa tortish yoki tekshiruv o‘tkazish uchun ishlatilmaydi. Savolnomada ko‘rsatilgan javoblar boshqa idoralarga taqdim etilmaydi. Ro‘yxatga olishda to‘plangan ma’lumotlar faqat umumiy statistik tahlil uchun xizmat qiladi. Ya’ni, qancha yer bor, qancha chorva mavjud — bular alohida shaxs yoki xonadon kesimida emas, umumlashgan holda e’lon qilinadi. Shu bois, savolnomani xavotirsiz va to‘liq to‘ldirishingiz mumkin”, deyiladi qo‘mita bayonotida.
Tushuntirilishicha, ro‘yxatga olishning maqsadi — mamlakatda aholi soni, turmush sharoiti, qishloq xo‘jaligi holati, ya’ni qaysi hududda qancha mahsulot yetishtiriladi va bu aholi ehtiyojini qoplaydimi, degan savollarga aniq javob olishdir. Shu asosda davlat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish hamda aholi uchun zarur ijtimoiy xizmatlarni to‘g‘ri rejalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 15 yanvardan 31 yanvargacha aholi va qishloq xo‘jaligi onlayn shaklda ro‘yxatga olinadi. Jarayonda fuqarolar census.stat.uz saytiga kirib, 71 ta savolga javob berishi mumkin. Fevral oyida esa uyma-uy yurish orqali ro‘yxatga olish ishlari davom ettiriladi.
Yangiliklar
19-Yanvar, 2026-yil
19-Yanvar, 2026-yil
17-Yanvar, 2026-yil
16-Yanvar, 2026-yil