18 OKTYABR – “SAMARQAND SHAHRI KUNI” BAYRAMI TADBIRLARI O‘ZGACHA RUHDA O‘TADI
18 oktyabr – “Samarqand shahri kuni” bayrami munosabati bilan joylarda qator tadbirlar o‘tkaziladi.
1996 yildan buyon nishonlanib kelinayotgan ushbu bayramda shahrimizda bir qator madaniy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan va bayram tadbirlari boshlab yuborilgan.
Jumladan, bayram kuni erta tongdan Amir Temur haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Asosiy bayram tadbirlar “Alisher Navoiy” nomidagi markaziy istirohat bog‘i va shu nom bilan ataluvchi ko‘chada o‘tkaziladi. Bayram munosabati bilan mazkur bog‘dan turli xil ko‘rgazma va sahna dasturlari, mushoira va Sport musobaqalari o‘rin oladi.
Sana munosabati bilan Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haykali oldida “Samarqand-Sharq gavhari” mavzusi doirasida mushoira bo‘ladi.
Kamol Otaturk ko‘chasida tayyor va arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyoj mollari yarmarkasi tashkil etiladi.
Shu bilan birga, 18 oktyabr kuni “Mo‘jiza” amfiteatrida soat 11:00 dan madaniy konsert dasturlari bo‘lib o‘tadi.
Qorasuv massividagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida ko‘plab el suygan san’atkorlar ishtirokida galakonsert namoyish etilib, yakunida ajoyib MUSHAKBOZLIK bo‘lib o‘tishi shahrimiz aholisi va mehmonlariga bayramona kayfiyat ulashadi.
Shuningdek, bugundan boshlab viloyat musiqali drama teatri va Sharq Yulduzi kinoteatrida “Yalangto‘sh Bahodir” spektakli va filmi ikki vaqt (soat 15:00 va 18:00 )da bepul namoyish etiladi.
Aytish o‘rinliki, bayram kuni Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va muzeylarga mahalliy tashrif buyuruvchilar uchun kirish bepul bo‘ladi.
Bayram munosabati bilan “Tabiat sahovati” arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu yarmarka 18 oktyabr kunidan 20 oktyabr kuniga qadar “Marmar” dehqon bozori va Qorasuv massivida ish boshlaydi.
Sana munosabati bilan shu kuni bir qator mahalla, korxona va tashkilotlarning yangi binolari va savdo do‘konlari foydalanishga topshiriladi.
Barchangizni ushbu tadbirlarga taklif qilamiz!
18 oktyabr – “Samarqand shahri kuni” muborak bo‘lsin!
Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati.
Yangiliklar
3-Dekabr, 2024-yil
2-Dekabr, 2024-yil