XALQ DEPUTATLARI SAMARQAND SHAHAR KENGASHING NAVBATDAGI SESSIYASI BO'LIB O'TDI
Shahar Kengashining sessiyasi
QURILISHDA TA’QIQ (MORATORIY) JORIY ETILADI
Shahar hokimligida Xalq deputatlari shahar Kengashining sakson sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyaga Kengash kotibiyat mudiri F. Ochilov raislik qildi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan masalalar deputatlar tomonidan tasdiqlangach, shahar hokimining o‘rinbosari F. Najmiddinovning Samarqand shahrining yangi ishlab chiqilgan bosh rejasi tasdiqlangunga qadar shahar hududida yangi ko‘p xonadonli turar-joy binolari qurilishiga ta’qiq (moratoriy) kiritish hamda shahar hududida “Yashil bog’” tashkil qilish to‘g’risidagi hisobotlari tinglandi. F. Najmiddinov o‘z so‘zida shaharda qurilish, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari tobora kengayib borayotganligi munosabati bilan bu borada jiddiy muammolar paydo bo‘layotganligini alohida qayd etdi. Jumladan, ko‘p xonadonli uy-joylar qurilishi masalasida tadbirkorlar tomonidan pala-partish ishlab chiqilgan loyihalar ijrosi yuzasidan tegishli tashkilotlarga ko‘plab shikoyat va e’tirozlar kelib tushmoqda.
Ayniqsa, bunday noxush holatlar shaharning kommunikatsiya tarmoqlari sust bo‘lgan hududlarda ko‘plab sodir bo‘lmoqda. Eng yomoni, buning oqibatida Samarqandning tarixiy obidalar joylashgan eski shahar qismi, bufer zonalar o‘z asliyatini yo‘qotmoqda.
Bundan tashqari, viloyat arxitektura-shaharsozlik kengashining loyiha takliflariga baho berishda murakkabliklar paydo bo‘lmoqda. Muammoni hal etish uchun shaharning yangi ishlab chiqiligan bosh rejasi tasdiqlangunga qadar shahar hududida qurilishi rejalashtiriladigan yangi ko‘p xonadonli turar-joy binolari qurilishiga ta’qiq (moratoriy) joriy etish bugungi kunning muhim masalasiga aylangan. Tegishli rasmiy hujjatlarga ega bo‘lgan obyektlar, master rejalari mavjud bo‘lgan Shirin, Qorasuv massivlari, aeroport, temiryo‘l vokzali atrofi, vokzalorti hududlari, Kimyogarlar, Hishrav, Farhod qo‘rg’onlari, Narpay ko‘chasida olib borilayotgan qurilish obyektlariga nisbatan bunday ta’qiq (moratoriy) qo‘llanilishi ko‘zda tutilmaydi.
Sessiyada 3 va 4-sektor rahbarlarining hududlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni “Temir daftar”ga kiritish to‘g’risidagi hisobotlari tinglandi. 3-sektor rahbarining tashabbusi bilan “Nurli kelajak”, “Shukrona”, “Xo‘ja qishloq” mahallalarida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadon egalaridan bir guruhiga amaliy yordam ko‘rsatildi. Muhtojlarning davolanishi, uy-joylarini ta’mirlash, zarur mahsulotlar bilan ta’minlash tizimi keng yo‘lga qo‘yildi.
Bunday ishlar 4-sektor rahbari tomonidan ham tizimli ravishda tashkil etilganligi deputatlar va sessiya ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Sessiyada Xalq deputatlari shahar Kengashi doimiy komissiyalari nomi va komissiyalar tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi masala muhokama etildi. Shahar Kengashi kotibiyati mudiri F. Ochilov deputatlarning odob-axloq qoidalarini tasdiqlash haqidagi masalaga o‘z takliflarini bildirdi. Har ikkala masala yuzasidan deputat va ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Shuningdek, sessiyada shahr mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatilgan yordamlar, “Saxovat va ko‘mak” jamg’armasi qoldiq mablag’laridan foydalanish to‘g’risidagi va boshqa masalalar muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.