MUNOSABAT: TALABALAR YOTOQXONASIDAN TALABA FOYDALANISHI KERAK
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatining so‘rovida "Samarqandda xokimiyat tamonidan berilgan uylarni qaytarib olib quymoqchi sabab nima?" sarlavhali video e’lon qilinganiga izoh so‘raldi. Unda fuqarolarning turarjoylari tortib olinayotgani haqida so‘z borgan.
Holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz: Samarqand shahri Nodirabegim ko‘chasi 4-“A” manzilda joylashgan 4 qavatli 400 nafar talabaga mo‘ljallangan yotoqxona binosi 1985 yilda foydalanishga topshirilgan.
Samarqand shahar hokimining 2008 yil 24 noyabrdagi 1484-Q-sonli qaroriga asosan, bino hokimlik huzuridagi Binolardan foydalanish departamenti balansiga, keyinchalik 2018 yil 20 sentyabrdagi 1685-Q sonli qaroriga asosan, shahar hokimligi balansiga o‘tkazilgan.
O‘tgan davrda ushbu yotoqxona binosi bo‘sh turganligi inobatga olinib, uy-joyga ehtiyoji bor 28 nafar fuqaroga ijara shartnomasi va biriktiruv qarori asosida vaqtinchalik yashash uchun berilgan (Fuqarolarga egalik huquqi berilmagan, ijara shartnomasi muddati 2018 yil 31 dekabrda tugagan).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 oktyabrdagi “Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5270-sonli qaroriga asosan, ushbu yotoqxona binosini Samarqand veterinariya medisinasi institutiga o‘tkazib berilishini ta’minlash vazifasi belgilangan. Mazkur qarorga muvofiq, yotoqxona binosini Samarqand veterinariya medisinasi institutiga o‘tkazib berish haqida Samarqand shahar hokimining tegishli qarori qabul qilingan.
O‘z navbatida, institut yotoqxona binosini ta’mirlab, turarjoyga muhtoj bo‘lgan talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash lozim bo‘lsa-da, yotoqxona binosida huquqiy hujjatlari bo‘lmagan holda foydalanuvchilarning mavjudligi, binodan maqsadli foydalanish imkonini cheklamoqda.
Shu bois, shahar hokimligi tomonidan ishchi guruhi tuzilib, yotoqxona binosidan vaqtincha yashash uchun berilgan xonalardan foydalanish holati o‘rganib chiqildi. Unga ko‘ra, 28 nafar fuqarodan 7 nafari hozirda ushbu joyda yashamasligi, shundan 5 nafari xonalarni talabalarga to‘lov evaziga ijaraga berib daromad qilayotgani va 16 nafarining boshqa manzilda yashash sharoiti borligi, daromad manbaiga ega ekani ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagilarga asosan, yotoqxona binosini institutga qaytarish maqsadida Samarqand shahar hokimligi tomonidan yotoqxonada vaqtincha yashash uchun xona biriktirilgan fuqarolarga uy-joy bilan ta’minlashdagi imtiyozlar hamda ulardan foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatilishi, shuningdek, imkoniyati cheklangan, extiyojmand fuqarolarning esa manfaati buzilmagan holda yotoqxona binosini bo‘shatishi lozimligi yuzasidan tushuntirish olib borilib, rasmiy ogohlantirilgan.