KO‘HNA KENT YASHARMOQDA

18-oktabr — Samarqand shahri kuni sifatida katta shodiyonalar bilan nishonlanishiga odatlanganmiz. Butun dunyo Sharq gavhari, deya ta’riflaydigan bu muqaddas zamin bugun ham oroyishlar og‘ushida o‘z nomiga monand tarzda yangilanish, yasharish davrini o‘tkazmoqda.
Shaharda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari uni navqironlik davriga qaytarmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Uch ming yillik tarixga ega ko‘hna kent bugungacha bunday o‘zgarishlar, yangilanishlar davrini ko‘p bora boshdan kechirgan. Unga bugun shaharda bo‘y cho‘zib, yillar sil-silasiga guvoh bo‘lib kelayotgan betakror tarixiy obidalar asosdir. Ilm ma’rifat, madaniyat rivoj topgan zaminda, albatta, mana shunday ulug‘vor bunyodkorlik ishlari amalga oshadi.
— Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan shahrimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari uning ko‘rku tarovatini yanada ortishi barobarida bu yerda istiqomat qilayotgan aholiga har tomonlama qulayliklar yaratishi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda, — deydi shahar hokimining o‘rinbosari Feruz Najmiddinov. — Samarqandni millionlik shaharga aylantirish, aholi va sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish borasidagi yirik dasturlar samarasida bir paytlar toshloq maydon bo‘lgan Qorasuv massivida qariyb 100 ming aholi yashaydigan zamonaviy shaharcha paydo bo‘ldi. Ayni paytda shu kabi yana bir yirik loyiha – Qoradaryo bo‘yida “Shirin” ishbilarmonlik markazi qurilishi doirasida amalga oshirilmoqda. 665 gektar maydonni egallagan bu hudud turar-joylar, ma’muriy va biznes markazlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, ko‘ngilochar maskanlar, shuningdek, zamonaviy transport va muhandislik kommunikatsiyalarini o‘z ichiga oladi. Shaharchani barpo etish to‘rt bosqichga bo‘lingan bo‘lib, birinchi bosqichda daryo ustida ko‘prik qurilgach, uning ikki tomonidagi 100 gektar yer maydonida qurilish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, yillar davomida e’tibordan chetda qolgan temiryo‘l orti hududida ham joriy yilda renovatsiya dasturi asosida amaliy ishlar boshlandi. Bu yerda 301 gektar maydonda yuz ming aholi uchun 31 mingta xonadon, shuningdek, zamonaviy loyihalar asosida maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, oliy ta’lim muassasasi, sport sog‘lomlashtirish maskanlari, ko‘p qavatli avtoturargohlar, madaniyat va istirohat bog‘lari, ekobozor, savdo va ko‘ngilochar markazlar barpo etiladi.
Albatta, shaharning kengayishi, aholi sonining o‘sib borishi shunga mos infratuzilma yaratishni taqozo etadi. Shu maqsadda keyingi yillarda shaharda yangi yo‘l va ko‘priklar qurildi, mavjudlari kengaytirildi, shahar jamoat transporti takomillashtirildi. Jumladan, Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shaharning Mirzo Ulug‘bek va Gagarin hamda Rudakiy va Gagarin ko‘chalari chorrahalarida ikkita tunnel va piyodalar uchun yer osti o‘tish yo‘laklari qurilmoqda. Hoziragacha bitta tunnelda ishlar yakuniga yetgan bo‘lsa, ikkinchi obyektda qurilish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda.
Shahardagi bunyodkorlik ishlari jarayonida aholining munosib dam olishi uchun zarur sharoit yaratishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda yangi istirohat bog‘lari, yashil parklar, madaniyat maskanlari tashkil etilmoqda.
Masalan, Samarqand shahar O‘zbekiston ko‘chasidagi sobiq harbiy gospital o‘rnida qariyb 5,5 gektar maydonda “Bolalar va yashil jamoat parki” barpo qilindi. Vatanparvar bog‘i esa zamonaviy neoparkka aylantirilmoqda. Shahar markazidagi Alisher Navoiy ko‘chasini esa tunu kun faoliyat ko‘rsatadigan turizm ko‘chasiga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlangan.
Bugun turizm sohasi shahrimiz iqtisodining muhim bo‘g‘inlaridan biriga aylanib ulgurdi. Ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlar natijasida Samarqand dunyoga Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. O‘z navbatida sayyohlar oqimi ham yildan-yilga oshib bormoqda. Birgina joriy yilning 8 oyida Samarqandga 3,8 million mahalliy va 1,9 million xorijiy sayyoh kelgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizga ko‘p demakdir. Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon turizm xizmatlari eksporti 427 million dollarni tashkil etgan. Turizmni keng ommalashtirishga qaratilgan 30 dan ortiq xalqaro festivallar, madaniy tadbirlar o‘tkazilishi natijasida mavsumdan tashqari oylarda ham viloyatga 693 ming nafar xorijiy, 1,5 millionga yaqin mahalliy sayyoh tashrifi kuzatildi.
Albatta, bu ko‘rsatkichlar dunyoga dong taratgan Samarqand uchun hali yetarli emas. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida turizm sohasini rivojlantirish borasidagi maqsadlarimiz bundanda yuksak marralarga mo‘ljallangan. Shahar kuni munsobati bilan ishga tushirilayotgan yangi ijtimoiy iqtisodiy loyihalar orqali ushbu marralar yanada yaqinlashmoqda. Yuqori suratlarda davom etayotgan o‘sish-o‘zgarishlar bilan Samarqand o‘z nomiga mos tarzda dunyo turizm markaziga aylanadi, albatta.
Alisher ISROILOV