SAMARQANDDA OKSFORD XALQARO MAKTABI OCHILDI
Samarqandda xususiy maktablar soni yana bittaga ko‘paydi. Bugun shahrimizning serqatnov Amir Temur ko‘chasida, Davlat xizmatlari agentligi yonginasida Oxford International School – Oksford xalqaro maktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda maktabning bo‘lajak o‘quvchilari, ota-onalar, pedagoglar ishtirok etdi. Vazirlar mahkamisi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat bo‘limi boshlig‘i Gʻayrat Boboxolov so‘zga chiqib, mamlakatimizda ta’lim tizimida keyingi yillarda yuz bergan ijobiy o‘zgarishlardan biri nodavlat ta’lim muassasalariga qaratilayotgan e’tibor ekanligini uqtirdi. Viloyatimizda 25 ta xususiy maktab mavjud bo‘lib, ulardan 13 tasi Samarqand shahrida joylashgan. Endilikda xususiy maktablar ham xuddi davlat maktablari kabi huquqlardan foydalanadi.
Buning uchun, Gʻ.Boboxolov uqtirganidek, ular davlat standartlariga javob beridigan salohiyatga ega bo‘lishi lozim. “Biz Oxford International School ta’sischisi, tajribali pedagog va ta’lim tizimi tashkilotchisi Botir Jo‘rayev bilan yonma-yon ishladik. Faoliyati uchun ruxsat beruvchi lisenziya olishi uchun nimalar kerakligi haqida maslahat berib turdik. Barcha talablar bajarilgach, maktab to‘laqonli faoliyat boshladi”, – dedi notiq.
Oxford International School ta’sischisi Botir Jo‘rayev o‘z chiqishida yig‘ilganlarga kelganlari uchun minnatdorchilik izhor etib, maktabda o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘z yuritdi. Maktabda o‘quvchilar soat 9-00 dan 17-00 gacha bo‘lishadi. Ular ikki marta ovqatlanadilar, ularga ust-bosh beriladi. Eng asosiysi, o‘quvchilarga malakali pedagoglar dars beradi.
Pedagoglarning aksariyati Fast Education o‘quv markazida tahsil olib, turli xalqaro sertifikatlar sohiblari hisoblanadi. Oxford International School ta’lim jarayonida Fast Education tomonidan deyarli 20 yil davomida to‘plangan tajribadan foydalaniladi. Ya’ni ushbu xalqaro maktab bo‘sh joyda paydo bo‘lgan emas, u kuchli baza va tajribali pedagoglarga ega ta’lim maskanidir.
Maktabni bitirganlarga davlat standartidagi hujjat beriladi va u O‘zbekiston yoki xorijdagi istalgan oliy o‘quv yurtiga kirish huquqini beradi. Maktab dunyoning 80 dan ortiq universiteti bilan aloqa o‘rnatgan. O‘qishni bitirganlar kirish uchun ulardan birini tanlashi mumkin.
Maktab haqida barcha ma’lumotlarni joyida olish mumkin.
Toshpo‘lat Rahmatulllayev