IMKONIYATI CHEKLANGAN BOLALAR UCHUN IXTISOSLASHTIRILGAN MUASSASALARGA O‘QUVCHILARNI QABUL QILISH BO‘YICHA KOMISSIYA O‘Z ISHINI BOSHLADI
Samarqand viloyati Xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash boshqarmalari mutaxassislaridan iborat psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya o‘z ishini boshladi.
Mazkur komissiyaning vazifasi Vazirlar mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi "Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni psixofizik imkoniyatlarga mos ravishda ta’lim olishlarini ta’minlashdan iborat.
Komissiyaning faoliyat yuritishi uchun Samarqand shahar "Barkamol avlod" bolalar maktabi qoshida alohida xona ajratilib, kerakli jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, bu yerda ota-onalar va bolalar uchun kutish xonalari ham tashkil etildi.
Endilikda viloyatdagi barcha imkoniyati cheklangan bolalar mazkur komissiya ko‘rigidan o‘tib, komissiyaning yo‘llanmasi asosida ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga joylashtiriladi.