DAVLAT VA JAMOAT EHTIYOJLARI UCHUN YER UCHASTKALARINI KOMPENSATSIYA EVAZIGA OLIB QO’YISH TARTIBI
Yer uchastkasi yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari hamda boshqa maqsadlar uchun olib qo‘yish yer egasining hamda yerdan doimiy foydalanuvchining roziligi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlarining qarori asosida yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq amalga oshirilishi belgilanadi.
Yer uchastkalarini quyidagi maqsadlarda kompensatsiya evaziga olib qo‘yish jamoat ehtiyojlari deb e’tirof etiladi:
-mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ular faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berish;
-xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
-foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);
-respublika hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yo‘llarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigasiya obyektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temiryo‘l transporti ob’yektlarini, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimi muhandislik ob’yektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat ob’yektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va meliorasiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
-tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalari obyektlarni davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;
-davlat investisiya dasturlarida ko‘rsatilgan davlat ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalari binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investisiyalar hisobidan qurish nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish.
Yer uchastkalari har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish taqiqlanadi.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy kengash yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha tashabbusni dastlabki tarzda ko‘rib chiqishga doir majlislari OAV va jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq o‘tkaziladi.
Mahalliy kengash yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan keyin hokimliklar mulk egalari bilan kompensatsiya shartlari, turlari va miqdori bo‘yicha kelishuvga erishishga doir ishlarni amalga oshiradi.
Mulk egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida ko‘chmas mulkni erkin tasarruf etishiga monelik qiladigan xatti-harakatlarni sodir etishga, huquq egasining munosib hayot kechirishi uchun monelik qiladigan shart-sharoitlarni yaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.
B.Toyirov
Shahar hokimligi bosh yuristkonsulti