GO‘SHT DO‘KONLARI FAOLIYATI YUZASIDAN PROFILAKTIK TADBIRLAR O‘TKAZILDI

Samarqand shahrida joylashgan go‘sht do‘konlarida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimlari hamda shahar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mutaxassislari ishtirokida tushuntirish ishlari olib borildi.
Tadbirda go‘sht do‘kon egalari, qassoblar va sotuvchilarga Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-maydagi 386-sonli qarori mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.
Hayvonlarni belgilangan zamonaviy kushxonalarda so‘yish, so‘yish jarayonida veterinariya qoidalariga qat’iy amal qilish va aholi iste’moli uchun sifatli, xavfsiz go‘sht mahsulotlarini taqdim etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bu kabi tadbirlar kelgusida ham aholi salomatligini muhofaza qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va sanitariya-epidemiologik barqarorlikni saqlash maqsadida muntazam ravishda o‘tkazilib boriladi.