BUGUN — 2-APREL KUNI XALQ DEPUTATLARI SAMARQAND SHAHAR KENGASHINING O‘N BIRINCHI SESSIYASI BO‘LIB O‘TDI.

Bugun — 2-aprel kuni xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining o‘n birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar tomonidan sessiya kun tartibi tasdiqlangach, masalalar muhokamasi boshlandi. Dastlab shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i L. Rasulovning “Mahalliy byudjet daromadlari bajarilishining holati, qo‘shimcha rezervlarni aniqlash bo‘yicha qilingan ishlar, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar kesimida byudjetga hisoblangan va amalda to‘langan soliqlar, soliq qarzdorligi to‘g‘risida”gi hisoboti eshitildi.
Hisobotchining ta’kidlashicha, 2025-yil uchun 358775,4 million so‘m miqdorida mahalliy byudjetning daromadlar rejasi belgilangan. Rejaning birinchi chorak uchun belgilangan qismi 73167,3 million so‘m o‘rniga 92664,7 million so‘m etib bajarildi. Rejadan tashqari mahalliy byudjetga 19497,5 million so‘m qo‘shimcha soliq va boshqa tushumlar tushirilishiga erishildi.
Rejalar ortig‘i bilan bajarilayotganiga qaramasdan soliq qarzdorligi muammosi to‘liq hal etilgani yo‘q. 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslarning byudjetdan soliq qarzdorligi 12930,4 million so‘mni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan bo‘lsa ham byudjet qarzdorligi va uni undirish qonun tomonidan qat’iy belgilangan talabdir.
Kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i B.Yusupov hisobot berar ekan, ishsizlikni kamaytirish, bandlikni ta’minlash, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Ayni paytda shaharda jami 251698 nafar iqtisodiy faol aholi mavjudligi, ishlab chiqarishning rasmiy sektorida ularning salkam 152 ming nafari bandligini tilga oldi. Shuningdek, norasmiy sektorda 21,6 mingdan ortiq fuqaro faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda shaharda ishsizlik darajasi 4,7 foizni tashkil etib, ishsizlik maqomidagilar soni 11,8 ming nafardan iboratdir. Yil boshidan buyon 3233 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan bo‘lishiga qaramasdan muammo to‘liq hal etildi, deb bo‘lmaydi.
Shuningdek, sessiyada 2-oilaviy poliklinika bosh vrachi Dilbar Boltayeva o‘zi rahbarlik qilayotgan jamoada o‘tgan yili amalga oshirilgan ishlar hamda 2025-yilga mo‘ljallangan ustuvor rejalar haqida hisobot berdi.
Deputatlar shahar mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritiladigan takliflarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash haqidagi masalani muhokama etdilar.
Yaqinda yakunlangan “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2025-yil dastlabki yakuni bilan shakllangan tadbirlar uchun “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” mablag‘larini yo‘naltirish haqidagi masala ham muhokama etildi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shu bilan Xalq deputatlari shahar Kengashining o‘n birinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.