Qonunchilik palatasi va shahar Kengashining qo‘shma sessiyasi

 doc xls

Shahar hokimligida Hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini va aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi va Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining qo‘shma sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Qo‘shma sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining “Byudjet va iqtisodiy islohotlar” qo‘mitasi raisi Adxam Shadmanov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining “Byudjet va iqtisodiy islohotlar” qo‘mitasi a’zosi Sahobiddin Arziqulov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari Erkin Yuldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi Uyg‘un Ro‘ziev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori Ismoil Nuriddinov, shuningdek, shahar hokimining o‘rinbosarlari, shahar hokimligi apparatining mas’ul xodimlari, shahardagi sektorlar rahbarlari, shahar xokimligi bo‘lim va tashkilot rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyaga xalq deputatlari shahar Kengashi raisi F. Rahimov raislik qildi. Sessiya kun tartibi va kotibi belgilangan tartibga muvofiq tasdiqlangach sessiya o‘z ishini boshladi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining “Byudjet va iqtisodiy islohotlar” qo‘mitasi raisi Adxam Shadmanov olib bordi.

Sessiyada dastlab Hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni va aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tomonidan shaharda aniqlangan muammolar va ularni bartaraf etish choralari ko‘rib chiqildi. Ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari, ishchi guruh rahbari Erkin Yuldoshev o‘rganishlar davomida aholidan tushgan murojaatlar, muammolar va xato-kamchiliklar xususida axborot berdi.

Xususan, o‘rganishlar davomida ish guruh mavjud 207 ta mahallada uyma-uy yurish va ijtimoiy ob’ektlar va boshqa muassasalarda bo‘lib, jami 9 mingdan ortiq muammolar, kamchiliklarni aniqlagan. Sessiya davomida Respublika ishchi guruhi tomonidan shaharda aniqlangan muammolarni hal qilish chora-tadbirlari yuzasidan shahardagi sektorlar rahbarlari axborot berdi.

Sessiyada hududlardagi ushbu muammolar, kamchiliklarni bartaraf etishda mahalliy hokimiyat vakillari bilan birgalikda deputatlar ham faol ishtirok etishi ta’kidlandi. Joylardagi o‘rganishlar davomida mahalliy Kengash deputatlarining faolligi sezilmaganligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, so‘zga chiqqan xalq deputatlari shahar Kengashi deputatlari M. Qurbonov, S. Zihidova, S. Melikovalar mavjud muammolarni bartaraf etishda deputatlarning vazifalariga alohida to‘xtalib, aniqlangan kamchiliklarga o‘z vaqtida echim topishda deputatlar faol ishtirok etishlarini bildirishdi.

Sessiya yakunida “Samarqand shahrini kompleks rivojlantirish, shuningdek, aholini tashvishga solayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini ta’minlash choralari to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror qabul qilinib, belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi va Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining qo‘shma sessiyasi yakunlandi.

SHAHAR HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI

2015-2019 © Maked by: SAKTRM