Konstitusiya

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSTITUSIYASI

 

(«Xalq so‘zi» gazetasi, 1992 yil 15 dekabr, 243 (494)-son; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994 y., 1-son, 5-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 y., 3-4-son, 27-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011 y., 12/1-son, 343-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007 y., 15-son, 152-modda; 2008 y., 52-son, 510-modda; 2011 y., 16-son, 159-modda; 2014 y., 16-son, 176-modda)

 

MUQADDIMA

 

O‘zbekiston xalqi:
inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e'lon qilib,
hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas'uliyatini anglagan holda,
o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib,
demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib,
xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda,
respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta'minlashga intilib,
insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlab,
fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta'minlash maqsadida,
o‘zining muxtor vakillari siymosida O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konstitusiyasini qabul qiladi.

 

BIRINCHI BO‘LIM. ASOSIY PRINSIPLAR

 

I bob. Davlat suvereniteti

 

1-modda.
O‘zbekiston — suveren demokratik respublika. Davlatning “O‘zbekiston Respublikasi” va “O‘zbekiston” degan nomlari bir ma'noni anglatadi.
2-modda.
Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'uldirlar.
3-modda.
O‘zbekiston Respublikasi o‘zining milliy-davlat va ma'muriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi.
O‘zbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va bo‘linmasdir.
4-modda.
O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
5-modda.
O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari — bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega.
6-modda.
O‘zbekiston Respublikasining poytaxti - Toshkent shahri.

 

II bob. Xalq hokimiyatchiligi

 

7-modda.
Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir.
O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.
Konstitusiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitusiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.
8-modda.
O‘zbekiston xalqini millatidan qat'i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi.
9-modda.
Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo‘yiladi. Referendum o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.
10-modda.
O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin.
Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.
11-modda.
O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi.
12-modda.
O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi.
Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas.
13-modda.
O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitusiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.
14-modda.
Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.

 

III bob. Konstitusiya va qonunning ustunligi

 

15-modda.
O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitusiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar.
16-modda.
Mazkur Konstitusiyaning birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas.
Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitusiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.

 

IV bob. Tashqi siyosat

 

17-modda.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.
Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta'minlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin.

 

IKKINCHI BO‘LIM. INSON VA FUQAROLARNING ASOSIY HUQUQLARI, ERKINLIKLARI VA BURCHLARI

 

V bob. Umumiy qoidalar

 

18-modda.
O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
19-modda.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquqlari va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqdirlar. Fuqarolarning Konstitusiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.
20-modda.
Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.

 

VI bob. Fuqarolik

 

21-modda.
O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatiladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega bo‘lganlikdan qat'i nazar, hamma uchun tengdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining fuqarosi ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi.
Fuqarolikka ega bo‘lish va uni yo‘qotish asoslari hamda tartibi qonun bilan belgilanadi.
22-modda.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi.
23-modda.
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta'minlanadi. Ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etadilar.

 

VII bob. Shaxsiy huquq va erkinliklar

 

24-modda.
Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir.
25-modda.
Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.
26-modda.
Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta'minlab beriladi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.
27-modda.
Har kim o‘z sha'ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.
28-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir.
29-modda.
Har kim fikrlash, so‘z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitusiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.
Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.
30-modda.
O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim.
31-modda.
Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

VIII bob. Siyosiy huquqlar