Dillarda bayram shukuhi

Yangi yil bayramiga munosib tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha viloyat hokimligining chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, viloyat musiqali drama teatri qarshisida 26 metrlik bayram archasi o‘rnatildi. 

Ayni paytda archa turli o‘yinchoqlar, rang-barang chiroqlar bilan bezatilayotir. Turli ko‘ngil­ochar tadbirlar, ertak-spektakllar hamda konsert dasturlari o‘tkazish uchun sahna hozirlandi. Bu yerda tashkil etilgan yangi yil savdo yarmarkasi hamshaharlarimiz va shahrimiz mehmonlari bilan gavjum.

Darhaqiqat, Xishrav, Kimyo­garlar, Farhod shaharchalari, Sartepa maskani va Temiryo‘l vokzalida ham bayram archalari o‘rnatilib, yangi yil savdo yarmarkalari tashkil etildi.

Hududlarda o‘rnatilgan archalar oldidagi sahnalarda samarqandlik taniqli va umidli yosh xonandalar ijrosida konsert dasturlari, viloyat musiqali drama va qo‘g‘irchoq teatrlari ijodiy jamoalarining ertak-spektakllari, teatrlashtirilgan tomoshalari, madaniyat va aholi dam olish markazlari ijodiy jamoalari hamda bolalar musiqa va san'at maktablarining iqtidorli o‘quvchilarining ashula va raqslari namoyish etiladi.

Yangi yil bayrami munosabati bilan shahrimizning asosiy ko‘cha va xiyobonlarini kechki illyuminatsiya chiroqlari bilan bezashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, har bir muassasa va tashkilotlar tomonidan bayramga alohida tayyorgarlik ko‘rilayotir. Binolar qarshisida archalar o‘rnatilib, did bilan bezatilgan, turfa rangdagi chiroqlar o‘rnatilgan, deraza oynalarida Qorbobo, Qorqiz va boshqa ertak qahramonlarining rasmlari aks etgan. Bayram arafasida shahrimizda "Eng chiroyli bezatilgan archa", "Eng chiroyli bino", "Eng namunali ko‘cha" nominatsiyalari bo‘yicha tanlov e'lon qilinib, g‘oliblar munosib taqdirlanishini ham alohida ta'kidlash joiz.

shahar hokimligi axborot xizmati

2015-2019 © Maked by: SAKTRM