Murojaatlar uchun telefon:

 0 (366) 231-06-09 

Ishonch telefoni:

 0 (366) 233-24-96 
 
Samarqand viloyati
Samarqand shahar hokimligi

 

SAMARQANDDA KOMMUNAL SOHADA KATTA O‘ZGARISHLAR BO‘LADI

Viloyat hokimi T.Jo‘rayev rahbarligida Samarqand turizm kollejida Sartepa maskani hududini ijtimoiy-muhandislik, yo‘l infratuzilmasi hamda ko‘pqavatli uy-joy fondini ta'mirlash va atrofini obodonlashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Ta'kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2018 yil 16 martdagi qarori bilan tashkil etilgan “Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi”ga 50 mln. dollar miqdorida mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘ viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy, muhandislik va yo‘l infratuzilmasini tubdan rekonstruksiya qilishga imkon berib, aholining kundalik yashash sharoitini yanada yaxshilashga zamin yaratadi.

Prezidentimizning 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosini ta'minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, viloyat hokimligi tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy, muhandislik va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirish va sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan jami 334,4 mlrd. so‘mlik chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.

Shundan:

71,7 MLRD. SO‘MI shaharning Sartepa, So‘g‘diyoni, Mikrorayon “A” va “B” maskanlari hududidagi jami 317 ta ko‘pqavatli uy-joylarni mukammal ta'mirlash va unga tutash hududlarni obodonlashtirish ishlariga;

14,2 MLRD. SO‘MI Samarqand shahrining Sartepa maskanidagi 22 ta ko‘pqavatli uy-joylardagi 71 ta lift moslamalarini to‘liq yangisiga almashtirishga;

26,5 MLRD. SO‘MI shahar obodonlashtirish boshqarmasiga 63 ta turli avtotexnika vositalari va 40 ta o‘t o‘rish uskunalari (gazonakasilka) xarid qilib, uning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga;

6,6 MLRD. SO‘MI Samarqand shahrining tungi yoritish tizimini yaxshilashga, bunda shaharning 20 ta markaziy ko‘chasidagi tungi yoritish chiroqlarini ta'mirlash, Kimyogarlar, Farhod, So‘lim qo‘rg‘onlaridagi hamda Sartepa, Mikrorayon, Sug‘diyona maskanlaridagi ichki tungi yoritish tizimlarini mukammal ta'mirlash, shuningdek, Amir Temur, Sulaymon Buxoriy, Tong, Ali Qushchi ko‘chalarida yangi kabel tortib, zamonaviy svetodiot chiroqlari o‘rnatish ishlariga;

93,3 MLRD. SO‘MI 28,5 km. masofada yo‘l qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash ishlarini bajarishga;

11,6 MLRD. SO‘MI Samarqand shahridagi 5 ta asosiy ko‘chada piyodalar uchun yo‘l o‘tkazgich ko‘priklari qurishga va 2 ta ko‘chadagi mavjud yer osti o‘tish yo‘lagini rekonstruksiya qilishga;

35,2 MLRD. SO‘MI Samarqand shahrida 4 ta markazlashgan issiqlik uzatish qozonxonalarini qurib, issiqlik ta'minotini qayta tiklashga;

71,2 MLRD. SO‘MI Samarqand shahrining ichimlik suv ta'minoti va oqova xizmatlari ko‘rsatilishini yaxshilashga va, bunda Sartepa Mikrorayon, Sug‘diyona maskanlaridagi ichki tarmoqlarni to‘liq yangilashga, 14 ta ko‘chada ichimlik suvi tarmoqlari hamda 4 ta ko‘chada oqova suv tarmog‘i qurishga hamda “Charxin” suv inshootini rekonstruksiya qilishga;

3,8 MLRD. SO‘MI Samarqand shahrining Amir Temur, Buyuk Ipak yo‘li, Turkiston, Ali Qushchi, Rudakiy va O‘zbektrakt ko‘chalarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirilgan qismining sun'iy sug‘orish tizimini yaxshilab, qo‘shimcha suv nasoslari o‘rnatish ishlariga yo‘naltirish belgilandi.

Ajratilgan mablag‘lardan o‘z o‘rnida va samarali foydalanish uchun viloyat hokimligida bosh shtab hamda hududlarda 4 ta shtab tashkil etildi. Ular tomonidan bajarilayotgan ishlar ko‘lami va sifati “Mahalla” jamoat fondi va “Nuroniy” jamg‘armasi shahar bo‘limlari faollari tomonidan nazorat qilib boriladi.

Yig‘ilishda viloyat hokimi mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, shtab a'zolari, deputatlar va shahar faollariga ishni samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.

Tadbir davomida ajratilayotgan mablag‘dan unumli foydalanish bo‘yicha yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi.

MA'LUMOT UCHUN: bugungi kunda Samarqand shahrining Sartepa maskanida 8 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. 6716 ta xonadonda 33 mingdan ko‘proq aholi istiqomat qiladi. Xonadonlarning 6347 tasi 127 ta ko‘pqavatli uylarda joylashgan. 2 ta 4 qavatli, 103 ta 5 qavatli, 22 ta 9 qavatli uylarga 17 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatadi.

Maskandagi ko‘pqavatli uy-joylarni mukammal ta'mirlash va unga tutash hududlarni obodonlashtirish ishlariga 28 mlrd. so‘mdan ko‘proq mablag‘ yo‘naltiriladi. Masalan, 26 ta uyning tom qismi, 123 ta uyning fasad qismi, 341 ta kirish yo‘laklari hamda uy-joyning ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kapital ta'mirlash belgilandi.

Ko‘pqavatli uylar oldi, yo‘laklar va piyodalar yo‘lkalari ta'mirlanadi, hovlilarda 15 ta bolalar, 13 ta kattalar sport maydonchalari, aholi hordiq chiqarishi uchun 11 ta ayvonlar, 5 ta bolalar sport o‘yin maydonchalari, 14 ta avtomobil saqlash joyi barpo etiladi, 4 km. ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizilib, kapital ta'mirlanadi. 22 ta ko‘pqavatli uy-joylardagi 71 ta lift yangisiga almashtiriladi.

***

5-Sartepa orkugidan viloyat Kengashi deputati, viloyat hokimi T. Jo‘rayev saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda saylovchilar tomonidan hududdagi mavjud muammo va kamchiliklar yuzasidan bir nechta murojaatlar bo‘ldi.

T. Jo‘rayev bildirilgan masalalarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.

 


Kiritilgan vaqti: 31/05/2018 22:52;   Ko‘rilganligi: 10
 
Интерактив хизматлар
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing