Murojaatlar uchun telefon:

 0 (366) 231-06-09 

Ishonch telefoni:

 0 (366) 233-24-96 
 
Samarqand viloyati
Samarqand shahar hokimligi

 

O‘zbekiston Pespublikasi Pezidentining Qarori

Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida

Bugungi kunda mamlakatimizda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha soha va tarmoqlarda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an'analarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma'naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ularning qalbida ona Vatanimiz hamda xalqimizga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning yuksak gumanistik g‘oyalarga asoslangan boy ma'naviy merosi umumbashariy sivilizatsiya va madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgani dunyo jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda e'tirof etiladi.

Ulug‘ ajdodlarimizning aql-zakovati va badiiy dahosi bilan yaratilgan noyob asarlar, xususan, matematika, mineralogiya, astronomiya, kimyo, tibbiyot, farmatsevtika, me'morlik, tarix, adabiyot, san'at, ilohiyot, falsafa va boshqa sohalarga oid manbalar nafaqat bizning xalqimiz, balki jahon ahlining bebaho boyligi hisoblanadi.

Ana shunday beqiyos merosimiz asosida tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovida 250 ming nafarga yaqin yosh ishtirok etib, tanlov g‘oliblariga “Prezident sovg‘asi” – yengil avtomashina topshirilgani yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyati rivojlanishiga muhim ta'sir o‘tkazdi.

Buyuk adib va mutafakkirlarimizning nodir merosi, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarimizni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida:

  1. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda jamoatchilik vakillarining mamlakatimiz yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan kitobxonlik tanlovlarini ijobiy baholagan holda, ushbu tanlovlarni o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullansin.
  2. Buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida “Yosh kitobxon” tanlovini (keyingi o‘rinlarda tanlov deb ataladi) o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  3. Belgilab qo‘yilsinki:

a) tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

b) tanlovni yuqori saviyada o‘tkazish uchun:

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi tashkiliy-amaliy ishlar bo‘yicha;

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy-ijodiy ishlar bo‘yicha mas'ul tashkilotlar hisoblanadi.

  1. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bilan birgalikda o‘n kun muddatda “Yosh kitobxon” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
  2. Mazkur Nizomda:

buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning merosini chuqur o‘rganish maqsadida alohida nominatsiyalar bo‘yicha tanlovlar tashkil etish;

2018 yilgi tanlovlarni Vatanimiz tarixi va xalqimizning ma'naviy hayotida beqiyos o‘rin tutadigan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Rizo Ogahiy, Berdaq singari buyuk mutafakkirlarimiz ijodi va faoliyati, jahon adabiyotining durdona asarlari, shuningdek, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Kuntug‘mish” kabi xalq dostonlari bo‘yicha o‘tkazish;

keyingi tanlovlarni davrlashtirgan holda davom ettirish uchun tegishli ro‘yxatlarni shakllantirish;

tanlov g‘oliblarini mukofotlash va rag‘batlantirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, xususan, respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan qatnashchilarni yengil avtomobillar bilan taqdirlash, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari va faol ishtirokchilarni ham munosib rag‘batlantirish choralari nazarda tutilsin.

  1. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tanlov nominatsiyalarida belgilangan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning asarlarini, ularning hayoti va faoliyatiga oid kitob va risolalarni nashrga tayyorlash, chop etish hamda ta'lim muassasalari kutubxonalariga, tegishli veb-saytlarga, axborot-resurs markazlari va keng o‘quvchilar ommasiga yetkazish choralarini ko‘rsin.
  2. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu qaror ijrosi bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
  3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari X.M.Sultonov va Q.K.Quranboyev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                   Sh.Mirziyoev

 

Toshkent shahri, 2018 yil 12 may


Kiritilgan vaqti: 15/05/2018 17:00;   Ko‘rilganligi: 8
 
Интерактив хизматлар
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing