Murojaatlar uchun telefon:

 0 (366) 231-06-09 

Ishonch telefoni:

 0 (366) 233-24-96 
 
Samarqand viloyati
Samarqand shahar hokimligi

 

Muqaddas ziyoratgohlar

Shahar hududidagi muqaddas ziyoratgohlar

Xoja doniyor maqbarasi

Xoja Doniyor maqbarasi Samarqanddagi eng mo‘tabar va mashhur ziyoratgohlardan hisoblanadi. Doniyor, Daniil, Daniyel – musulmon, nasroniy va yahudiy adabiyotlaridagi aziz-avliyoning nomidir.

Doniyor Quddusda eramizdan avvalgi 603 yilda tug‘ilgan bo‘lib, shoh Dovud va Sulaymon (Solomon)larning avlodiga mansubdir.

Rivoyatlarga ko‘ra, Amir Temur o‘zining (1397-1404 yillar) Kichik Osiyoga yetti yillik yurishi vaqtida Suza shahridagi avliyo Doniyorning tabarruk qo‘nimgohidan bir qism xokini o‘rnatilgan tartib-qoidalar talabini amalga oshirib, Samarqandga olib kelgan. Maqbarada dunyodagi eng uzun - 18 metrlik qabr mavjud. Maqbara binosi XX asr boshlarida qurilgan. Shunga qadar bu yerda Xoja Doniyorning qabri va masjid bo‘lganligi haqidagi ma'lumotlar bor.

Mustaqillik yillarida ushbu ziyoratgohda keng qo‘lamda obodonlashtirish, ta'mirlash, qurilish va ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratish ishlari olib borilmoqda.


Hazrati xizr masjidi

Hazrati Xizr masjidi Samarqand shahrining muqaddas ziyoratgohlaridan biridir. U Samarqanddagi birinchi musulmon masjidi va me'moriy obidasi sifatida e'tirof etiladi.

Masjid Qutayba ibn Muslim tomonidan qurilib, Hazrati Xizr nomi bilan atalgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, dastlab sajdagohi mavjud bo‘lgan. VIII asrda arablar tomonidan otashparastlarning ibodatxonalari buzib tashlanadi. Shu tepalikdagi ibodatxona o‘rniga Qutayba ibn Muslim tomonidan birinchi masjid binosi quriladi va Hazrati Xizr nomi bilan ataladi.

Hoja Doniyor, Qusam ibn Abbos va Hazrati Xizr ziyoratgohlari aslida bitta majmua bo‘lgan. Masjidga kiraverishdagi marmar toshda ko‘rsatilgan “1854 yil” yozuvi uning Buxoro amiri Amir Muzaffarxon tomonidan tiklanganligiga ishoradir. 1899 yilda masjidning ayvon va darvozaxona qismi qayta qurilgan. Darvoza yuzasiga yozilgan hijriy 1336 yil (melodiy 1916-1917 yillar) yozuvi darvozaxona va minoraning qayta tiklangan vaqtini anglatadi. Fikrimizni xonaqoh mehrobidagi 1274 yil hijriy (1854 melodiy yil), 1302 hijriy yil (1884 melodiy yil) degan yozuvlar isbotlaydi.

Mustaqillik yillarida hazrati Xizr masjidi mamlakat rahbariyati qo‘llab-quvvatlashi bilan bir necha bor mukammal ta'mirlandi, masjid yonida joylashgan Arzis qudug‘i qayta tozalanib, qadimiy holiga qaytarildi.


Amir Temur maqbarasi

Markaziy Osiyo me'morchiligining noyob asari sifatida e'tirof etilgan Amir Temur maqbarasining qurilishi 1403 yilda boshlanib, 1424 yilda tugatilgan. Maqbara Amir Temurning taxt vorisi, deb e'lon qilingan nabirasi Muhammad Sulton uchun qurdirilgan. Muhammad Sulton 1403 yilda Kichik Osiyoga qilgan safari vaqtida, 29 yoshida bevaqt vafot etadi. Shahzoda Samarqandga keltirilib, dastlab masjidning xonaqosida dafn qilinadi.

Maqbara sakkiz burchakli gumbaz asosida barpo etilgan. Hozirgi zamon mutaxassislarini ham birmuncha o‘ychanlik bilan fikrlashga undaydi.
Binoning mo‘tadil haroratini saqlash, Sharqona qurilish uslublari orqali el ardog‘ida bo‘lgan shaxslarni o‘ziga xos hurmat bilan ulug‘lash, ularning buyukligini bejirim bezaklar orqali ifodalash kabi xususiyatlari har qanday kishini lol qoldiradi. Sohibqiron Amir Temur ham ushbu maqbaradan (1405 yil) abadiy qo‘nim topgan.

1409 yilda Amir Temurning kenja o‘g‘li, Xuroson hukmdori Shohrux Mirzo otasining ma'naviy piri Mirsaid Barakaning jasadini (turbati) Andxoydan olib keltirib, shu maqbaraga, Sohibqironning bosh tomoniga dafn ettiradi. Bu bilan otasi – Amir Temurning vasiyatini bajaradi.
1424 yilda Mirzo Ulug‘bek tomonidan maqbara sahniga qabrtoshlar qo‘yilib, atrofi nafis marmar toshdan qilingan panjara bilan o‘raldi va ko‘k gumbazli galeriya qurilib, ziyoratxonaga Sharq tomondan kirilishi ta'minlandi. Maqbaraning ichki tomoni tilla suvi yugurtirilgan bo‘rtma qog‘oz naqshi bilan bezatilgan.

Bezaklarda ishlatilgan kompozitsiyada Qur'oni Karim oyatlari islomiy, handasaviy naqshlar hamda arabiy xattotlik san'atining kaligrafik naqshlari bilan bitilgan. Maqbaraga, shuningdek, Mironshoh Mirzo va Shohrux Mirzo ham dafn etilib, temuriylar xilxonasiga aylangan.
1449 yilda Mirzo Ulug‘bek ham shu maqbaraga, bobosining poyiga dafn etilgan. Mustaqillik yillarida, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi va Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan maqbarada katta hajmda ta'mirlash ishlari olib borildi. XIX asrning oxirida qulab tushgan minora va gumbazning zar qubbasi qayta tiklandi.


Dovud alayhissalom ziyoratgohi

Dovud alayhissalom Islom olamida payg‘ambar sanalgan. Ushbu zot orqali muqaddas “Zabur” kitobi nozil bo‘lgan. Ma'lumotlarda keltirilishicha, Dovud alayhissalom toat-ibodat qilganligi uchun Alloh taolo uni nafaqat payg‘ambar, balki dunyoviy podsho ham qilib qo‘ygan.

Dovud alayhissalomning nihoyatda chiroyli va shirador ovozi bo‘lgan. Uning qo‘shiqlarini eshitgan kishilarning yuraklarida mehr-oqibat paydo bo‘lar ekan. Dovud alayhissalomning tinimsiz ibodatlari natijasida Alloh uni podshoh darajasiga yetkazdi. Alloh unga shunday amr etgan ekan: “Ey Dovud, biz seni yer yuzida elchi qilamiz. Odamlar orasida adolat bilan hukm yuritgin va manfaatlarga berilmagin. Zero, bundaylardan Tangri yuz o‘giradi. Kimki, haq yo‘lidan chiqsa, ular og‘ir jazolanadi. Zero, ular hisob-kitob kuni borligini unutishgan”.
Dovud alayhissalom podsho bo‘lsa-da, tirikchilikni qo‘l mehnati bilan topar edi. Uning e'tiqodi bo‘yicha halol luqma faqat insonning peshana terisi bilan topilgani edi. Diniy manbalarda keltirilishicha, Alloh taolo Dovud alayhissalomga temirning ustidan hukm yuritish mo‘jizasini ato qilgan. Emishki, temir u kishining qo‘lida mumdek erib, payg‘ambar xohlagan shaklga kirar ekan. Shu sababli u kishi temirchilik bilan shug‘ullangan va ko‘plab mehnat va jang qurollari yasagan. Alloh taolo unga kelajakda payg‘ambar bo‘ladigan va insu-jinsga hokimlik qiladigan Sulaymon ismli o‘g‘ilni ato qildi.


Imom Moturidiy maqbarasi

Kalom ilmida moturidiya oqimining asoschisi, Islom olamida Imom-ul-Hudo (Hidoyat imomi) deb tanilgan buyuk ilohiyot olimi, faqih, shayx Muhammad ibn Mahmud al-Xanafiy al-Moturidiy 870 yilda Samarqandning Moturid mavzesida tug‘ilgan. Dastlab maktabda savod chiqarib, keyin madrasa ta'limini olgan.

Imom al-Moturidiy Imom Ash'ariy, Rudakiy, Abul Hasan Balxiy, Farobiy kabi olimlar bilan bir zamonda yashab, imom Muhammad al-Buxoriyni o‘zining ma'naviy ustozi, deb bilgan. Alisher Navoiy Imom al-Moturidiyning sha'nini ulug‘lab, u kishiga “Buyuk ulamolar sultoni” deya yuksak baho bergan.

IX-X asrlarda Islom dinini noto‘g‘ri targ‘ib va talqin qiluvchilar ko‘payganligi sababli Imom al-Moturidiy o‘zining asarlari bilan ularga qarshi kurashadi. Uning “Kitob al-Tavhid” asari alohida o‘rin tutadi. Imom al-Moturidiy 944 yilda Samarqandda vafot etadi va shahardagi Chokardiza qabristoniga dafn etiladi.

Yurtboshimiz rahnamoligida 2000 yilda allomaning 1130 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi, imom qabri ustida yangi maqbara barpo etildi.


Kiritilgan vaqti: 05/03/2016 18:24;   Ko‘rilganligi: 175
 
Интерактив хизматлар
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing