Murojaatlar uchun telefon:

 0 (366) 231-06-09 

Ishonch telefoni:

 0 (366) 233-24-96 
 
Samarqand viloyati
Samarqand shahar hokimligi

 

Shahar tarixi

Samarqand shahrining qisqacha tarixi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning 2006 yil 26 iyulda imzolagan «Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori Sharq durdonasi bo‘lmish shaharning yana bir bora bo‘y-basti bilan jahon sahnasiga chiqarmoqda.

Jahon sivilizatsiyasining qadimiy o‘choqlaridan biri, yer yuzining sayqali nomini olgan Samarqand mustaqil O‘zbekistonning yirik iqtisodiy va ilmiy-madaniy markazlaridan biri hisoblanadi.

Ma'lumotnoma: Samarqand O‘zbekistonning janubiy - g‘arbiy qismida, Zarafshon vodiysining o‘rta qismida, Darg‘om va Siyob kanallari orasida, dengiz sathidan 725 m . balandlikka joylashgan, aholisi 400 mingga yaqin, maydoni 0,09 ming m 2 .

Samarqand juda boy va qadimiy tarixga ega. Shaharning paydo bo‘lishi va rivojlanishi nihoyatda murakkab jarayonda kechgan. Arxeologik ma'lumotlarga qaraganda tosh davridanoq Zarafshon vodiysi ibtidoiy ajdodlar tomonidan o‘zlashtirilgan. Bunga vodiyning serunum tuprog‘i, mo‘tadil iqlim va odamzod yashash uchun qulay sharoit mavjudligi sabab bo‘lgan. Urgut tog‘laridagi Omonqo‘ton, Bulung‘ur tumanidagi qo‘tirbuloq, Narpaydagi Zirabuloq, Samarqand shahridagi «Dinamo» o‘yingohining yonida topilgan ibtidoiy odamlar yashagan manzilgohlar fikrimizning dalilidir. qolaversa tosh asrdan keyingi bronza davrida Zarafshon vodiysining bir necha joylarga odamlar istiqomat qilganlar. hozirgi Samarqand hududida hali shahar paydo bo‘lmasdan ancha oldin Universitet xiyobonining janubiy tomonida Lolazor mahallasi o‘rnida, Obi Rahmat arig‘ining chap qirg‘og‘idan qo‘rg‘oncha mahallasida va Sartepa mavzeining janubiy qismida eng qadimgi qishloqlar yuzaga kelgan.

Ma'lumki, 1970 yilda YUNYESKO tashabbusi bilan Samarqandning 2500 yilligi nishonlagan. Bu yubiley o‘sha davrda qadimshunoslarimiz qo‘lga kiritgan yutuqlar asosida qayd qilingan edi. Mustaqilik sharofati tufayli Samarqandning paydo bo‘lish tarixi yanada ham qadimiyroq ekanligi aniqlandi. o‘zbek arxeologlari M. Isomiddinov va A.Otaxo‘jayevlarning fransiyalik olimlar Pol Bernar, Frans Grene, va Klod Rapenlar bilan hamkorlikda Afrosiyobda olib borilgan tadqiqotlari natijasida uning eng quyi madaniy qatlami o‘rganildi. Natijada yer sathidan 10- 15 metr chuqurlikda miloddan avvalgi IX - VII asrlarga taaluqli ashyolar topildi. Bular qo‘lga yasab rangli naqsh berilgan idishlarning parchalari va shuningdek, guvaladan tiklangan 7 m . qalinlikdagi mudofaa devori qoldiqlaridir. Topilgan ushbu namunalar Fransiyaning Jiv-Syur-Ivst shahridagi radioaktiv laboratoriyasida tadqiq qilindi. Laboratoriyadagi tahlillar bu ashyolar bundan 2750 yil ilgari yaratilganligini ko‘rsatdi.

Endi Samarqand shahri nomining kelib chiqishi va uning ma'nosiga kelsak, bu boradagi bahslar hamon davom etmoqda. Ko‘pchilik Sharq mualliflari «Samarqand» so‘zining birinchi qismi, ya'ni «Samar» so‘zi shu shaharda asos solgan yoki shaharni bosib olgan kishi nomi bilan bog‘laydilar. Ammo tarixda bunday ismli kishi to‘g‘risida ma'lumot yo‘q. So‘zning ikkinchi qismi «Kent» (qand) – qishloq, shahar degan ma'noni bildiradi. Bu haqda juda ko‘plab rivoyatlar bitilgan. Ayrim yevropalik olimlar, bu qadimdan qolgan, sanskritcha «Samaria»ga yaqin, ya'ni «yig‘ilish, yig‘in» so‘zidan kelib chiqqan deb izohlaydilar. Antik davr manbalarida shahar «Marakanda» deb atalgan. Bu balkim «Smarakanda»ning yunoncha aytilishidir. X - XI asrlarda yashagan olimlar Abu Rayhon Beruniy va Mahmud qoshgariy shahar nomining kelib chiqishini «Semizkent», ya'ni «semiz, boy qishloq, shahar» so‘zining buzib talaffuz qilinishi deb tushuntiradilar.

Samarqand jahon shaharsozligi tarixida chuqur iz qoldirgan љadimiy maskanlardan biri hisoblanadi. Miloddan oldingi 1-ming yillikning o‘rtalaridan to XVII asr boshlarigacha Samarqand Sug‘dning ma'muriy markazi bo‘lgan. Ko‘hna shaharning qoldiqlari Afrosiyob xarobalarida saqlanib qolgan. Rim tarixchisi Kvint Kursiy Ruf (1 asr) ning yozishicha Samarqand qal'asi devorining aylanasi taxminan 10,5 km bo‘lgan. Boshqa Yunon manbalarida yozilishicha shaharning ichida hashamatli saroylar bo‘lgan. Shunday hashamatli saroylarning birida kayfi oshib qolgan Aleksandr Makedonskiy o‘zining yaqin sarfdoshi Klitni o‘ldirib qo‘ygan edi.

qadimgi Sug‘d, jumladan Samarqand xalqi o‘z tarixi davomida bir necha marta chet el bosqinchilarga qarshi o‘z mustaqilligini saqlab qolish maqsadida mardonavor kurashib kelgan. 329-327 (m.o) yillarda Samarqand aholisi Spitamen boshchiligida Aleksandr Makedonskiy bosqiniga qarshi kurash olib boradi. Yunon-Boxtar va Kushon podsholiklari davrida Samarqandda hunarmandchilik, savdo-sotiq, madaniyat va shaharsozlik yuksak darajada rivojlanadi. VI asrdan boshlab Sug‘d davlati, jumladan Samarqand ham Turk hoqonligi tarkibiga kiradi. Ammo Samarqand hukmdorlari o‘z siyosatlarida mustaqil edilar.

Samarqand orqali sharq va g‘arb savdosi amalga oshirilar edi. Buyuk ipak yo‘lida Samaraqand muhim bo‘g‘in hisoblanar edi. Shahar savdogarlari Xitoy, Eron, Misr, Suriya, hindiston, Vizantiya bilan savdo sotiq qilar edilar. Aynan Samarqandda sharq va g‘arb madaniyatlari o‘zaro to‘qnashgan va bir-birini boyitgan. Shu bois sharqda keng tarqalgan maqolalardan birida «g‘arbda Rim, Sharqda Samarqand» deyilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak Samarqand va Rim insoniyat taqdirdagi buyuk xizmatlarni nazarda tutib «Boqiy» shaharlar nomni olganlar.

712 yilda Samarqand qutayba boshchiligidagi arab bosqinchilari tomonidan zabt etildi. qo‘zg‘olon ko‘targan shahar aholisining bir qismi qirib tashlangan, bir qismi quvib chiqarilgan. Shunday keyin ham Samarqand ahli o‘z istiqloli uchun kurashni davom ettirgan. Shahar VII - IX asrlarda arab bosqinchilariga qarshi yirik qo‘zg‘olonlar: Muqanna va Rofe ibn Lays boshchiligidagi chiqishlarning markazi bo‘lgan. IX -asrning 20 yillaridan boshlab Samarqand somoniylar davlatining poytaxti bo‘lgan. 887 yilda birinchi marta somoniylarning kumush tangalari Samarqandda zarb qilingan. Somoniylar poytaxti Buxoroga ko‘chirilgandan (889 y) keyin ham Samarqand Movarounnahrning eng yirik hunarmandchilik, savdo va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan. Aynan shu davrda dastlabki madrasalar, kutubxonalar vujudga kelgan. Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari - mahallalar shakllanib borgan.

XI asrdan boshlab Samarqand qoraxoniylar davlati tarkibiga kirgan. 1089 va 1130 yillarda uni saljuqiylar bosib olgan, XII asrdan qoraxitoylarga tobe bo‘lgan. 1210 yildan Muhammad Xorazmshoh davlati tarkibida bo‘lgan. 1212 yili samarkandliklar Xorazmshohga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan. 1220 yili Chingizxon qo‘shinlari Samarqandga bostirib kirib, shaharga o‘t qo‘ygan va aholining ko‘p qismini qirgan, tirik qolganlar shahardan chiqib ketgan. Bir necha yildan so‘ng Samarqand qayta tiklana boshlagan. Marko Polo Samarqandga kelmagan, u Samarqand haqidagi ma'lumotlarni otasi va amakisidan olib ?z kitobiga kiritgan.

XIV asrning o‘rtalariga kelib mug‘ullarga qarshi Movarounnahrda xalq harakatlari boshlandi. 1365 yilda Samarqand aholisi sarbadorlar boshchiligida shaharda hokimiyatni o‘z qo‘llariga oldilar va uni 1366 yilning bahorigacha boshqardilar.

1370 yilda Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e'tirof etilishi Samarqand tarixi uchun yangi sahifa ochib berdi. Temur va temuriylar hukmronligi davrida Samarqand davlat poytaxti sifatida XIV asrning oxirlari XV –asrlarda Sharqning eng go‘zal shahri, Markaziy Osiyoning yirik iqtisodiy, siyosiy, madaniy markaziga aylandi. Bu davrda Samarqandda o‘nlab binolar, g‘arbiy qismida esa shahar qal'asi ( 34 ga ) barpo etildi. Uning ichida ikkita qasr - Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy, hunarmandchilik ustaxonalari, savdo rastalari, karvonsaroylar, hammomlar, shifoxonalar va boshqa madaniy – maishiy binolar qurildi. Amir va amirzodalar qal'adan tashqari Bog‘i Naqshi Jahon, Bog‘i Bihisht, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Shamol, Bog‘i Maydon, Bog‘i Zog‘on, Bog‘i Nav, Bog‘i Feruza, Davlatobod, Bog‘i Baland kabi bog‘lar bunyod etdilar. Shahar ichkarisi va tashqarisida Bibixonim Jome masjidi, Go‘ri Amir maqbarasi, Shoxi Zinda majmuasi, Ulug‘bek madrasasi, rasadxonasi kabi ko‘plab mashhur me'moriy obidalar yaratildi. Samarqand zamonasining yirik ilmiy markazlaridan biriga aylandi. Taftazoniy, Jurjoniy, qozizoda Rumiy, g‘iyosiddin Jamshed, Ali qushchi kabi olimlar jahoniy shuhrat topdilar. Ulug‘bek boshchiligidagi Samarqand ilmiy maktabining mahsuli bo‘lgan «Ziji jadidiy Ko‘ragoniy» asarida keltirilgan astronomik, matematik mushohadalar va faktlar o‘zining aniqligi bilan hamon dunyoni hayratga solmoqda. Jahon mumtoz adabiyotining yirik namoyondalari Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar ham Samarqandda ta'lim olganlar.

XV asrning oxirida, qisqa muddat davomida shaharda hukmronlik qilgan Zahiriddin Bobur Samarqandga quyidagicha ta'rif beradi: «Rub'i maskunda Samarqandcha latif shahar kamroqdur. Uzumi va qovuni va olmasi va anori, balki ja'mi mevasi xub bo‘lur. Vale ikki meva Samarqanddin mashhurdir: sebi Samarqand va sohibiy Samarqand… Samarqand shahri ajab orasta shahredur… Olamda yaxshi qog‘oz Samarqanddin chiqar».

Samarqand XVI asrda shayboniylar davlatining poytaxti bo‘lganda ham, Buxoro xonligi davrida ham muhim iqtisodiy va madaniy markaz bo‘lib qolaverdi. Ammo Buxoro xonligi davrida kechgan o‘zaro urushlar shahar taraqqiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Shunga qaramasdan iqtisodiy va ma'naviy an'analar davom etdi. hattotlik va minatyura san'atining Samarqand maktabi vujudga keldi. Yalangto‘sh Bahodir hokimligi davrida Registon maydonida Sherdor (1619-1636), Tillakori (1646-1660) madrasalari, Xo‘ja Axrori Vale qabri oldida Nodir devonbegi madrasasi va boshqa binolar qurildi.

1868 yil mayidan boshlab Samarqand ham Chor Rossiyasining mustamlakasiga aylandi va tashkil etilgan Samarqand viloyatining ma'muriy markazi bo‘ldi. Bu davrda ham shahar o‘z iqtisodiy va madaniy ahamiyatini yo‘qotmadi. Erksevar samarqandliklar bir necha marta mustamlakachilarga qarshi bosh ko‘tardilar. Ayniqsa 1868 va 1916 yillarda bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olonlar mustamlakachiliklarni shoshirib qo‘ydi. Rus chorizmi mustamlakasi yillari eski shahar yonida Yevropa shaharsozligi an'analari asosida yangi shahar qad ko‘tara boshladi. Yangi tipdagi binolar, xususan, xristian cherkovlari, hozirgi universitet xiyoboni bunyod etildi. Sho‘rolar hukmronligi davrida o‘tkazilgan milliy xududiy chegaralanish natijasida vujudga kelgan O‘zbekiston Respublikasining birinchi poytaxti (1925-1930 yil) Samarqand shahri bo‘ldi. Ammo chor mustamlakachilik davrida bo‘lgani singari Sho‘rolar hukmronligi davrida shaharning tarixiy qismi e'tibordan chetda qoldi.

Samarqand boy tarixiy va madaniy merosga ega shahar. Turli davrlarda bu yerda jahon mumtoz adabiyotining namoyandasi Rudakiy va olim hamda shoir Umar Xayyom, kalom ilmining asoschisi Abu Mansur Motirudiy va fiqx ilmining bilimdoni Burxoniddin Marg‘iloniy, naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi Xo‘ja Axrori Valiy, she'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiylar yashab ijod etdilar, davlat va jamoat arboblari F.Xo‘jayev va Sh.Rashidovlar kamol topdilar, hadis ilmining buyuk bilimdoni Ismoil Chelakda dafn qilingan al-Buxoriyning otasidir, u kishining asl ismi Muhammad b?lishi kerak, Ismoil al Buxoriy Samarqand yaqinida abadiy qo‘nim topgan. Tarixiy manbalarda Samarqandda Balxiy, Damashqiy, Bag‘dodiy, Nishopuriy, Astrobodiy, hamadoniy, Buxoriy, Nasafiy, Marvaziy, Xo‘jandiy, Marg‘inoniy, Axsikati, Dobusiy, Termiziy, Shoshiy taxallusli yuzlab allomalar yashab ijod qilganliklari va shu yerda dafn etilganliklari qayd etiladi. Turkiston jadidlarining yo‘lboshchisi, istiqlol uchun tolmas kurashchi Mahmudxo‘ja Behbudiy va mustaqil O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov shu yurt farzandlaridirlar. Shoir va yozuvchilar hamid Olimjon va Sadriddin Ayniy, akademiklar Ibrohim Mo‘minov va Yah'yo g‘ulomov, Vohid Abdullayev va Akbar Otaxo‘jayev, Botirxon Valixo‘jayev va Yuriy Buryakov, professorlar Mavlon Jo‘rakulov va Temur Shirinovlar singari ko‘plab olimlar Samarqand ilm-fani va madaniyatini XX- XXI asr boshida dune miqyosiga olib chiqdilar. Ana shuning uchun ham Samarqand Sharqda uyg‘onish davrini boshlab bergan markazlardan biri, obrazli qilib aytganda, uning o‘ziga xos durdonasi hisoblanadi. YUNYESKOning 2001 yil Finlyandiyada o‘tkazilgan 25 sessiyasida Samarqand me'moriy-tarixiy yodgorliklarning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilganligi bejiz emas. Zero shahar hududida 73 ta yirik tarixiy-me'moriy yodgorliklar saqlanib qolgan.

Samarqand hozirgi paytda halqaro turizm rivojalangan shaharlardan biridir. Sayyohlar xizmatida «o‘zbekturizm» milliy kompaniyasining Samarqand bo‘limi, bir qator xususiy sayyohlik agentliklari, «Afrosiyob», «Prezident-otel» kabi zamonaviy hamda ko‘plab xususiy mehmonxonalar, bir qator istirohat bog‘lari hamda sport inshootlari.

Azaldan tadbirkorligi bilan olamga tanilgan samarqandliklar uchun istiqlol katta imkoniyatlar yaratdi. Shaharda mayda va o‘rta biznes jadal rivojlanmoqda. Samarqand respublika avtomobilsozlik sanoatining markazlaridan biriga aylandi. hozirgi paytda Samarqandda 7 ta oliy o‘quv yurti, ko‘plab kollej va litseylar, 3 ta teatr, 7 ta muzey, 4 ta ilmiy-tadqiqot instituti, YUNYESKOning Markaziy Osiyoni o‘rganish xalqaro instituti, o‘zRFA mintaqaviy bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. Amir temur, Mirzo Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy, Abu Mansur Moturidiylarning muborak to‘ylari keng nishonlandi. Yurt boshimizning bevosita tashabbuslari bilan har yili 18 oktyabrda Samarqand shahri kuni nishonlanib kelinmoqda. 1997 yildan boshlab esa har ikki yilda bir marta «Sharq taronalari» xalqaro festivali Samarqandda o‘tkazilmoqda.

«Samarqand nafaqat muqaddas obida va betakror tarixiy mo‘jizalari, balki zamonaviy ishlab chiqarish salohiyati bilan, eng qimmatli boyligi – bag‘ri keng, qalbi go‘zal mehnatkashlari bilan butun dunyoda mashhur», - degan edilar Respublika Prezidenti I.A.Karimov 1996 yili Samarqand shahriga Amir Temur ordenini topshirish chog‘ida so‘zlagan nutqlarida. Mustaqillik davrida shahar alohida nufuzga ega bo‘ldi. Yuqorida ta'kidlanganidek, jahon sivilizatsiyasining markazlaridan biri bo‘lgan Samarqand bundan keyin ham o‘z ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy va madaniy salohiyati bilan xalqimizga xizmat qilaveradi.


Kiritilgan vaqti: 05/03/2016 16:14;   Ko‘rilganligi: 122
 
Интерактив хизматлар
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing