Murojaatlar uchun telefon:

 0 (366) 231-06-09 

Ishonch telefoni:

 0 (366) 233-24-96 
 
Samarqand viloyati
Samarqand shahar hokimligi

 

Sohibqiron bog‘lari

Sohibqiron Amir Temur bunyod etgan bog‘lar

Amir Temur bobomiz tabiatni, insonni sog‘lomlashtirish, cho‘l-biyobonlarni obodonlashtirish va dehqonchilikni rivojlantirish borasida juda ko‘p hikmatli so‘zlarni meros qilib qoldirdi. “...Har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqolar, hammomlar qurishni, musofir yo‘lovchilar uchun yo‘l ustida rabotni bino qilishni, daryolar ustida ko‘priklar qurishni buyurdim. Kimki biron sahroni obod qilsa yoki biron bog‘ ko‘kartirsa yoxud biron xarob bo‘lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olmasinlar, uchunchi yili qonun-qoidaga muvofiq xiroj yig‘ilsin”. 

Movarunnahrning dehqonchilik vohalarida, xususan, Zarafshon vodiysida o‘nlab sug‘orish tarmoqlari chiqarilib, dehqonchilik maydonlari kengaytirildi. Mozorot va ziyoratgohlar obod etildi.

Qashqadaryo viloyatidagi Eski Anhor kanalini Amir Temur bobomiz Sulton Boyazid ustidan qozonilgan g‘alabasi sharafiga qurgan.  Tarixchi Hofiz Abro‘ning yozishicha Amir Temur Xurosondagi Murg‘ob vodiysida obodonchilik va dehqonchilik ishlari xarob bo‘lganini ko‘rib, daryodan 20 ta kanal qazdirib, suv chiqarib dehqonchilik va obodonchilik ishlariga asos soladi. Uning topshirig‘i bo‘yicha Ko‘hak – Zarafshon, Amudaryo va Sirdaryoga ko‘priklar qurildi. Shuningdek, Sirdaryodan, Ohangarondan kanal qazildi. Sohibqironning farmoyishiga ko‘ra, Buxoro, Samarqand, Shahrisabz va Farg‘onada irrigatsiya – sug‘orish ishlari olib borildi. Bunday bunyodkorliklar davlatning boshqa hududlarida ham davom ettirilgan. U uzoq Qorabog‘da 42 km kanal qurdirgan. Ozarbayjondagi Mug‘on shahrida 12 ta bog‘ barpo etgan.

Amir Temur davrida betakror bog‘lar yaratilgan va ularga o‘ziga xos nomlar qo‘yilgan. Bular xususidagi dastlabki ma'lumotlar o‘tmish tarixchilari, shoirlari, sayyohlari asarlarida uchraydi. Shuningdek, Amir Temur bog‘lari o‘rta asrlar rassomlari miniatyuralarida ham tasvirlangan. Bu bog‘lar tuzilishiga ko‘ra ikki xil bo‘lgan:

· Chorbog‘lar – geometrik (to‘rt burchak) shaklida bo‘lib, har tomoni taxminan 1 km masofaga cho‘zilgan. Sahnidan o‘tgan ariqlar ularni teng 4 qismga ajratib turgan. Atrofidagi baland devorlarning har burchagida minora bo‘lgan. Markazda Saroy joylashgan. Bunday bog‘larning darvozalari shahar tarafga qaratib qurilgan.

· Tuzilishi geometrik shaklda bo‘lmagan, tabiiy daraxtzor va chakalaklar bag‘rida barpo etilgan bog‘lar. Bunday bog‘lar hukmdor ov qilishi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, asosiy qismi tabiiy, qo‘l tekizilmagan holda saqlangan. Ularning kichik bir qismigagina dam olish uchun saroy va chodirlar qurilgan. Hovuzlar qazilib, favvoralar o‘rnatilgan. Bu turdagi bog‘larning o‘simlik va hayvonot dunyosi nihoyatda boy bo‘lgan.

Amir Temur bog‘laridan eng chiroyli va mashhurlari quyidagilar:

· BOG‘I BALAND. Sohibqiron Samarqand Shimolidagi Cho‘ponota maqbarasi yaqinida (hozirgi aeroport atrofi) nabirasi (Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan. Uni barpo qilishida Eron, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar bog‘chilik san'ati ustalari hamda me'morlari qatnashgan. Bog‘ o‘rtasida Tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli qasr bo‘lib, uning atrofidagi uzumlar, anjirzor va olmazorlar boqqa go‘zal bir tarovat baxsh etib turgan.

· BOG‘I BEHISHT. 1378 yilda Sohibqiron Samarqandning G‘arbida suyukli xotini Xayrunisoga atab qurdirgan. Ayrim yozma manbalarda “Bog‘i Jannat” nomi bilan ataladi. Bog‘ o‘rtasidagi atrofi handaq bilan muhofaza etilgan sun'iy tepalik ustida tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli saroy bo‘lgan. Saroyga bir necha ko‘tarma ko‘priklar orqali kirilgan. Bu bog‘ning bir tarafida hayvonot bog‘i bo‘lib, turli xil hayvonlar saqlangan.

· BOG‘I DAVLATOBOD. Bu bog‘ Samarqanddan 13 km Janubda, hozirgi katta O‘zbekiston traktining chap tomonida bo‘lgan. Amir Temur bu bog‘da zafarli yurishlardan qaytgach, dam olgan, xorijiy elchilarni qabul qilgan. Unda ariqlar, to‘rtta hovuz, katta saroy bo‘lgan. Saroy sun'iy tepa ustiga qurilgan, atrofi handaq bilan o‘ralgan. Unga ikkita ko‘tarma ko‘prik orqali kirilgan.

· BOG‘I DILKUSHO. (Ko‘ngil ochuvchi bog‘) 1397 yilda Amir Temur xotinlaridan biri Tukalxonim sharafiga qurilgan. Bu bog‘ Samarqanddan 5 km Sharqda, Panjakent yo‘lining o‘ng tomonida (qadimiy Xijduvon qishlog‘i o‘rnida) joylashgan. Har tarafi 900 metr uzunlikdagi baland paxsa devor bilan o‘ralgan. Bog‘ning to‘rtta darvozasi markazida hashamatli saroy bo‘lgan. Saroy uch qavatli bo‘lib, har qavatida favvora otilib turgan. Saroy devorlariga Sohibqiron olib borgan urushlardan lavhalar chizib qo‘yilgan. Bu bog‘ o‘rnida hozirgi kunda Dilkusho qishlog‘i joylashgan.

· BOG‘I JAHONNAMO (Jahon ko‘zgusi). Amir Temur Samarqanddan yetti farsax (42 km) narida, Zarafshon tog‘i etagida qurdirgan (taxminan Urgut tumanida). Unda saroy va qal'a bo‘lgan. Bog‘ning hududi juda ham katta bo‘lib, yo‘qolib qolgan ot 6 oydan so‘ng topilgan ekan.

· BOG‘I MAYDON. Cho‘ponota tepaligi etagida, Samarqandning shimolida joylashgan. Tarixiy manbalarga qaraganda, bog‘da hashamatli bir ayvon (ko‘shk) va qimmatbaho toshlardan yasalgan taxt bo‘lgan. Amir Temurning nevarasi Mirzo Ulug‘bek bu bog‘ni yanada obod qilgan. Bu bog‘ o‘rni hozir ham Bog‘i Maydon deb ataladi.

· BOG‘I NAV (yangi bog‘). Bu bog‘ni 1404 yilda Amir Temur Samarqandning Janubida qurdirgan. Lolazor qishlog‘i o‘rnida joylashgan. Bu bog‘ to‘rtburchak shaklida bo‘lib, atrofi baland paxsa devor bilan o‘ralgan, har burchagida minora qad ko‘tarib turgan. Markazida boshqa bog‘lardagiga nisbatan kattaroq qasr, uning oldida katta hovuz bo‘lgan.

· BOG‘I CHINOR. Amir Temur Samarqandning Sharqida (Konigilning janubiy-g‘arb tarafida, hozirgi Qo‘shtamg‘alik tepaligi o‘rnida) barpo qildirgan. Unda ajoyib chinorlar ko‘p bo‘lgan. Bog‘ning markazida saroy joylashgan.

· BOG‘I SHAMOL. Amir Temur 1397 yilda nabirasi (Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan. Bu bog‘ Samarqandning G‘arbida bo‘lgan. Undagi saroy to‘rtburchak shaklida bo‘lib, har tomoni 1500 qadamni tashkil qilgan. Devorlariga marmar qoplanib, sahni qorayog‘och va fil suyagidan ishlangan. Bu bog‘ joylashgan hudud va u yerdagi ariq hozir ham Bog‘i Shamol deb ataladi.

Amir Temur bobomiz Samarqand atrofida bulardan tashqari, yana bir qancha bog‘ va saroylar barpo etgan. Chunonchi, BOG‘I BULDU, BOG‘I ZOG‘ON, BOG‘I NAQSHI JAHON, BOG‘I AMIRZODA SHOHRUX, BOG‘CHA, BOG‘I DILAFRO‘Z, BOG‘I SHEROI, GULBOG‘, LOLAZOR, BEDANA KURGI, CHUMCHUQLIK, G‘OZXONA va boshqalar biri biridan qolishmagan.


Kiritilgan vaqti: 06/03/2016 12:54;   Ko‘rilganligi: 158
 
Интерактив хизматлар
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing